Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NNTlar loyihalari doirasida muammolar hal etilmoqda
11:09 / 2024-01-17

Bugungi kunda har bir davlatning jahon hamjamiyati o‘rtasida munosib o‘rin topishi, o‘z fuqarolariga munosib turmush darajasini yaratib berishi uchun, eng avvalo, demokratik boshqaruv tizimi, iqtisodiy barqarorlik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarining ta’minlanishi, fuqarolik jamiyati institutlarining rivoji, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi kabi qator omillar muhim ahamiyat kasb etadi.

Fuqarolik jamiyati, avvalo, ijtimoiy munosabatlar jarayonida o‘z aksini topadi, mamlakatda demokratiya, huquqiy davlat va shaxs erkinliklarini ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Fuqarolik jamiyatining shakllanishi va rivojida esa fuqarolik institutlari, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari alohida o‘rin tutadi. Shu ma’noda aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi  ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. 

Buni Andijon viloyatidagi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati, ular tomonidan joylardagi muammolarni hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qator loyihalar doirasida olib borilayotgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.  

–Ayni paytda viloyatda 599 ta nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyat yuritmoqda, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Otaxonov. – Ularning 420 tasi davlat ro‘yxatidan, 179 tasi hisob ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Keyingi bir yil ichida NNTlar soni 30 taga oshgan.  

Keyingi yillarda NNTlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, joylardagi muammolarni o‘rganish, keng jamoatchilikka yetkazish va bartaraf etish, fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, huquqiy bilimlarini yuksaltirish, kasb-hunar o‘rgatish, tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida ishtiroki va faolligi tobora ortib bormoqda. Jumladan, birgina 2023 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida viloyatdagi 11 ta nodavlat notijorat tashkilotining ijtimoiy loyihalari 1 milliard 20 million so‘mga moliyalashtirilgan.

Shuningdek, NNTlar tomonidan muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarishda xalqaro grantlarning salmog‘i ham ortib bormoqda. Xususan, 2023 yilda xalqaro nohukumat tashkilotlari va moliya institutlarining grant tanlovlarida viloyatdagi 6 ta NNT ishtirok etdi. Ularning loyihalari 114 ming AQSH dollari va 97,5 ming yevro miqdorida moliyalashtirildi.

Jumladan, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi viloyat hududiy bo‘limlari, “Hamroh” NNT, “Mehrimiz sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan xalqaro donor tashkilotlarning moliyaviy ko‘magida e’tiborga molik loyihalar amalga oshirildi.

[gallery-15510]

–  Markazimiz xalqaro donor tashkilotlarning moliyaviy ko‘magida “Mehnat migratsiyasi: xavfsizlik, himoya, imkoniyatlar” deb nomlangan loyihani amalga oshirdi, – deydi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi viloyat bo‘limi rahbari Hilolaxon Boltaboyeva. – Mazkur loyiha doirasida Andijon shahridagi Ishchilar, Shifokor va Istiqlol mahallalari aholisi o‘rtasida noqonuniy migratsiya darajasini pasaytirish, odam savdosining oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borildi. Shu bilan birga, mehnat migranti sifatida xorijga ketgan fuqarolarning oila a’zolari, ana shu oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ularning iqtisodiy farovonligini oshirish bo‘yicha oilalar bilan bevosita ish olib borildi.

Shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarga huquqiy va psixologik maslahatlar berish yo‘lga qo‘yildi. Ularning bandligini ta’minlash, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Mening biznes g‘oyam” ko‘rik-tanlovi o‘tkazilib, tanlov g‘oliblarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun zarur anjom va uskunalar olib berildi.

“Hamroh” NNT tomonidan xalqaro nodavlat tashkilotlari ko‘magida yoshlar va xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasiga yo‘naltirilgan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj uy xo‘jaliklarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish” loyihasi doirasida Paxtaobod tumanidagi Qayir,  Xonobod shahridagi Bunyodkor  mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolarga o‘z xonadonida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi uchun zarur jihozlar olib berildi.  

O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan ham qator loyihalar amalga oshirildi. Xususan, Yevrosiyo fondi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida Andijon tumanidagi 20 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayolning kompyuter savodxonligini oshirish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilib, yakunda ularning 6 nafari doimiy ish bilan ta’minlandi.  

– “Asalarichilik bilan farovon hayot sari” nomli loyihasi doirasida Andijon tumanida asalarichilik yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-markaz tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Gulbahor Karimova. – Andijon, Izboskan va Paxtaobod tumanlaridagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 32 nafar ishsiz xotin-qiz asalarichilik bo‘yicha o‘qitildi. O‘quv kursini tamomlagan xotin-qizlarning har biriga 2 tadan asalari oilasi, asalari boqish va asal olish uchun asbob-uskunalar, ishchilar uchun maxsus kiyimlar bepul taqdim etildi.  

“Mehrimiz Sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi tomonidan BMT huzuridagi Xalqaro migratsiya tashkilotining “Ayol va migratsiya” deb nomlangan grant loyihasi doirasida viloyatdagi tanlab olingan Andijon shahar, Baliqchi, Izboskan, Paxtaobod va Qo‘rg‘ontepa tumanlarida yashovchi migrant ayollar bazasi shakllantiril-moqda. Migratsiyada bo‘lib qaytgan va xorijga ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan ayollarning tibbiy, moddiy, ma’naviy, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy bilimlarini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.  

Umuman, Andijon viloyatida keyingi  yillarda xalqaro donor tashkilotlarning moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan loyihalar natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj 115 nafar nafar xotin-qiz tadbirkorlikka jalb etildi, 75 nafar ayol kasb-hunarga yo‘naltirildi, 15 nafar yosh doimiy ish bilan ta’minlandi.  Loyihalar doirasida 40 nafar xotin-qiz va yoshlarga o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish uchun 100 million so‘mlik texnik vositalar, asbob-anjomlar va jihozlar olib berildi. Shuningdek, odam savdosi va noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasining salbiy ta’siri oqibatida qiyin ahvolga tushib qolgan 700 nafardan ziyod  fuqaroga huquqiy va ijtimoiy-psixologik yordamlar ko‘rsatildi.

 

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari