Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NNTlar jamoatchilik nazoratining sub’ekti sifatida
19:48 / 2021-02-10

Bundan 28 yil muqaddam Asosiy qonunimizning dunyoga kelishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan edi: istiqlolgacha amal qilib kelgan barcha konstitutsiyalar (Turkiston ASSRning 1918 va 1920 yillardagi konstitutsiyalari, Xorazm va Buxoro Xalq Respublikalarining 1920-1921 yillardagi konstitutsiyalari, O‘zSSRning 1927, 1937, 1978 yillardagi konstitutsiyalari) mustaqil davlat talablariga, yangi ijtimoiy-siyosiy munosabatlar rivojiga yordam berolmay qoldi; suverenitet e’lon qilgan davlat uni konstitutsiyaviy asosda mustahkamlashi, unda yangi davlatning maqsadi, suvereniteti, ichki va tashqi siyosiy tamoyillari, inson huquqlari, demokratiya va ijtimoiy adolatning oliy maqsadlariga sodiqligini mustahkamlab qo‘yishi zarur.

O‘zining tuzilishi, yo‘nalishi, mazmuni jihatidan avvalgi konstitutsiyalardan butkul farq qiluvchi O‘zbekiston Konstitutsiyasi birinchi moddasidan oxirgi 128-moddasiga qadar mustaqillik g‘oyasi bilan sug‘orildi.

Jahon hamjamiyatining inson huquqlari sohasidagi yutuqlariga, demokratik qadriyatlarga tayangan Konstitutsiyamiz xalqimizning milliy xususiyatlarini ham o‘zida aks ettira oldi. Uning asosida O‘zbekiston bozor iqtisodiyoti munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish yo‘lini tanladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 15-moddasida belgilanganidek, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdorlar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va uning asosida yaratilgan qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q deya ta’kidlagan edi.

Jamoatchilik nazoratining mavjudligi demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining muhim sharti hisoblanadi. Aynan jamoatchilik nazorati orqali ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy muammolar kun tartibiga olib chiqiladi va hal etib boriladi. Shuningdek, jamoatchilik nazorati instituti davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi samarali hamkorlikni tashkil etishning muhim vositasi sanaladi.

Jamoatchilik nazorati tushunchasiga davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan fuqarolar, ularning birlashmalari va o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa tuzilmalari (institutlari), shuningdek davlat va nodavlat organlari tarkibida tuzilgan jamoatchilik organlari tomonidan qonun doirasida olib boriladigan nazorat sifatida ta’rif beriladi.

«Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, jamoatchilik nazoratining sub’ektlari – O‘zbekiston fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan NNTlar, ommaviy axborot vositalaridir. Shuningdek, jamoatchilik nazorati jamoatchilik kengashlari, komissiyalari va boshqa jamoatchilik tashkiliy tuzilmalari tomonidan ham qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.

Jamoatchilik nazoratining boshqa nazorat turlaridan asosiy farqi shundaki, uning ob’ekti – davlat organlari faoliyatidir. Shuningdek, jamoatchilik nazorati odatda professional, tizimli, maxsus malaka talab qiladigan, ixtisoslashgan nazorat hisoblanmaydi. Mazkur nazorat ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etadi. Jamoatchilik nazorati boshqa nazorat turlaridan o‘zining sub’ektlari bilan farqlanadi1.»Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunda jamoatchilik nazoratining 8 ta shakli mustahkamlangan: davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar; davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida ishtirok etish; jamoatchilik muhokamasi; jamoatchilik eshituvi; jamoatchilik monitoringi; jamoatchilik ekspertizasi; jamoatchilik fikrini o‘rganish; fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari va axborotini eshitish. Shuningdek, jamoatchilik nazorati qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining XIII bobi jamoat birlashmalariga bag‘ishlangan bo‘lib, 56-62-moddalar ushbu institutning konstitutsiyaviy maqomiga bag‘ishlangan. Uning 56-moddasida O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etilishi belgilangan.

Mutaxassislar nohukumat tashkilotlarni (ingliz tilida «non-governmental organizations» (NGO) fuqarolik jamiyatining asosiy instituti deb hisoblashadi. «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra «Nodavlat notijorat tashkilot – jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish tashkilotidir».

Qonunda Konstitutsiya va Fuqarolik kodeksida turli shakllari ko‘rsatilgan tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlarning nodavlat notijorat tashkilotlar bilan o‘zaro aloqasi aniq belgilab berilgan. Xususan, uning 10-moddasiga ko‘ra, «Nodavlat notijorat tashkilotlar jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond, muassasa shaklida, shuningdek qonunlarda nazarda tutilgan boshqa shaklda tashkil etilishi mumkin».

So‘nggi yillarda mamlakatimizda NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida mazkur institutlarning davlat hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida roli va ahamiyati ortib bormoqda. Agar 1991 yilda mamlakatda hammasi bo‘lib 100 ta NNT faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2020 yil 1 yanvarda O‘zbekistonda jami ro‘yxatdan o‘tgan NNTlar va ularning hisobga olingan bo‘linmalarining soni 10502 tani tashkil qiladi. Ularning faoliyatini huquqiy ta’minlash va ularga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish mamlakatimizni ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning muhim sharti hisoblanadi.

Jamoatchilik nazorati sub’ektlari faolligini oshirish bir qator omillarga bog‘liq. Eng avvalo, qonunda ko‘rsatib o‘tilgan jamoatchilik nazorati shakllari, tomonlarning huquq va majburiyatlarini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish lozim.

Xalqaro huquqiy hujjatlarda tan olingan fuqarolarning uyushish huquqi milliy qonunchiligimizda to‘liq aks etgan. Xususan, Konstitutsiyaning 33-moddasi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 21-moddasiga, 34-moddasi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 22-moddasiga mos.

Ma’lumki, O‘zbekiston mazkur xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan va boshqa huquqlar qatori fuqarolarning uyushish erkinligi huquqiga rioya etish majburiyatini olgan.

Jahongir SARIMSOQOV,

Oliy Majlis Parlamenti a’zosi,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini

himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Raisi