English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NNTlar jamiyat hayotidagi eng dolzarb muammolarni hal etishda yelkadosh bo‘lmoqda
10:21 / 2021-10-20

O‘zbekiston xalqi muhim siyosiy jarayon arafasida turibdi – prezidentlikka saylov bo‘lib o‘tadigan kun tobora yaqinlashmoqda.

bugungi kunda demokratik saylovlarni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ayni paytda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan Nodavlat notijorat tashkilotlari Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida barcha ishtirokchilarning huquqiy hamda elektoral madaniyatini oshirishga doir keng miqyosdagi tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Yaqin tarixdan ma’lumki, nodavlat notijorat tashkilotlari ehtiyojlari tizimli tahlil qilinmagani, davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilmagani, davlat va jamiyat hayotiga doir muhim masalalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashish uchun maydonlar yaratilmagani ularni nomigagina faoliyat yurituvchi tashkilotlarga aylantirib qo‘ygan edi.

Ularning ijtimoiy mavqeini oshirish u yoqda tursin, minglab NNTlarning hatto o‘tirib ishlaydigan joyi ham yo‘qligi hech kimni o‘ylantirmas edi. Aksari NNT rahbarlari tashkilot muhrini yonida olib yurib, faoliyat yuritgani hech kimga sir emas.

O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ijro hokimiyati uchun jamoat tashkilotlari jiddiy va teng huquqli, shu bilan birga, hurmatga loyiq hamkor sifatida namoyon bo‘la boshladi. Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining nufuzi orta boshladi. Bugun NNTlar jamiyat hayotidagi eng dolzarb, aholini o‘ylantirayotgan, ularning muayyan qatlamini tashvishga solayotgan muammolarni hal etishda davlat hokimiyati organlariga yelkadosh bo‘lib kelmoqda.

Ayni paytda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 10 mingdan ortiq NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishda mahalliy davlat boshqaruvi va ijro organlariga ko‘makdosh bo‘lib kelmoqda. Mazkur institutlar fuqarolarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta’minlashda munosib o‘rin tutadi.

Turgan gapki, Yangi O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlariga qaratilayotgan e’tibor, yangi tashabbus va takliflar ularni faollikka, tashabbuslarga undamoqda.

Buni so‘nggi yillar ichida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya tizimida amalga oshirilgan ishlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

bugungi kunda tizimda 14 hududiy birlashma, 197 tuman (shahar) jamiyatlari faoliyat ko‘rsatib, xodimlar umumiy soni 1218 nafarni tashkil etadi. Shuningdek, Federatsiyaning tashkilot, korxona, muassasa, o‘quv yurtlarida 4986 ta «Tayanch guruh»lari tashkil etilgan bo‘lib, federatsiya a’zolari soni 578 162 nafarni tashkil etadi.

2017-2021 yillar davomida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan qariyb 50 milliard so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga hal etilgan.

Jamoat tashkilotlari ichida birinchilardan bo‘lib Federatsiyaning yagona 1091 qisqa raqamli «ishonch telefoni» tashkil etildi. 2018 yilda Federatsiya Xalqaro iste’molchilar tashkiloti (Consumers International)ning to‘laqonli a’zoligiga qabul qilindi.

Federatsiya mamlakatni sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish bo‘yicha innovatsion g‘oyalar va tashabbuslarni ilgari surib, turli ijtimoiy loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Albatta, ilgari surilgan takliflar, o‘rtaga tashlangan har bir tashabbus oldimizda turgan maqsad va vazifalar haqida aniq tasavvur berish barobarida, mas’uliyat hissini ham yuklaydi. Jumladan, «Obod xonadon – yurt ko‘rki», «Orolbo‘yini obod etaylik» loyihalari ishlab chiqildi va muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Yurtimizning turli go‘shalarida, tuman va shaharlarida 50 dan ortiq «Iste’molchi kutubxonalari» va «Iste’molchilar uyi» qurib foydalanishga topshirildi.

2019 yil 14-19 yanvar kunlari «Birinchi Yevropa va Osiyo mamlakatlari iste’molchilari Forumi»ning respublikamizning Toshkent va Samarqand shaharlarida yuqori saviyada o‘tkazildi.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya jamoasi 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi faol ishtirok etadi va Vatan taqdiri, istiqboli uchun befarq emasligini namoyish etadi.

Jahongir SARIMSOQOV,

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi