Andijonda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi mutasaddilari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, assotsiatsiya a’zolari, davlat boshqaruv organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Otaxonovning ma’ruzasi tinglandi.

– Ayni paytda viloyatda siyosiy partiyalar sohasida 86 ta, sport sohasida 81 ta, yoshlar sohasida 71 ta hamda nogironlar bilan ishlash yo‘nalishida 59 ta, boshqa sohalarda 5 ta NNT faoliyat yuritmoqda, – deydi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari F.Otaxonov.
– Tashkiliy-huquqiy shakliga ko‘ra, NNTlarning 467 tasi jamoat birlashmasi, 29 tasi jamoat fondi, 45 ta muassasa, 17 ta uyushma hisoblanadi. Ularning barchasi o‘z nizomlari, amaldagi qonun va tartib-tamoyillar asosida faoliyat yuritmoqda. Hududiy bo‘linma tomonidan ko‘plab seminar, davra suhbati, uchrashuvlar, monitoring tadqiqotlari o‘tkazilmoqda.
Fuqarolarga NNTlar nizomini ishlab chiqish, ro‘yxatdan o‘tkazish, faoliyat olib borayotgan NNTlarga uslubiy yordamlar ko‘rsatish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida ishtirok etish, amalga oshirilgan loyihalar hisobotlarini tayyorlashga ko‘maklashilayotir.

Konferensiyada so‘z olgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Abdulhamid Nurmatov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To‘lqinjon Karimov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Bahtiyorjon Masharipov, Andijon mashinasozlik instituti «Talaba sport klubi» NNT rahbari Habibaxon Jo‘rabekova va boshqalar hududiy bo‘linmaning hisobot davridagi faoliyatini ijobiy baholab, o‘zlarining fikr-mulohazalarini aytib o‘tdi.
Konferensiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hisobot-saylov konferensiyasiga delegatlar saylandi.
Yakunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan NNTlar va OAVlariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.

F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA