Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NNT va davlat dasturlari ijrosi muhokamada
15:55 / 2025-12-03

Xabar berganimizdek, poytaxtimizda “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida ko‘plab tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu haftalik aholining jamiyatdagi faolligi va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT)ning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini keng muhokama qilishga qaratilgan.

Tadbirlar doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari uchun yangi grant mexanizmlarini shakllantirish, davlat organlari bilan o‘zaro axborot almashinuvini takomillashtirish hamda jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va davlat dasturlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralari xususida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavludaxon Xodjayeva ta’kidlaganidek, o‘tgan davr mobaynida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga doir 200 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu hujjatlar NNTlarning tuzilishi, faoliyati, davlat organlari bilan hamkorligi hamda moddiy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu haftalik shunga dalilki, fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada mustahkamlash va ularning faolligini qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab amaliy qadamlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, haftalikda qator qonunlar va kodekslarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar ham muhokama qilindi. Mehnat kodeksi, Soliq kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan yangilanishlar NNTlar ishtirokida davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbirlar davom etmoqda va ishtirokchilar NNTlarning rivojlanishi, jamoatchilik nazorati va davlat dasturlarining samarali amalga oshirilishi uchun amaliy tavsiya va takliflarini bildirmoqda.

Nigora Rahmonova, O‘zA