Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NNT larning faolligi ortmoqda
20:41 / 2022-10-17

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq NNTlar faoliyati yuqori bosqichga ko‘tarildi. Buni Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan NNTlar faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Viloyatda jami 747 ta nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularda 3,5 ming nafardan ziyod kishi mehnat qiladi. 120 ta NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi a’zosidir.

Nodavlat notijorat tashkilotlarining aksariyati muhim ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni davlat grantlari asosida amalga oshirmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan davlat granti tanlovlarida viloyatdagi NNT va fuqarolik jamiyati va boshqa institutlarning 6 ta loyihasiga 470 million so‘m ajratildi.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Hamroh” nodavlat notijorat tashkilotining “Yoshlar – kelajak bunyodkorlari” nomli loyihasiga ajratilgan mablag‘ hisobidan Andijon shahri Ishchilar mahallasi, Xrabek ko‘chasidagi ko‘zi ojiz fuqarolar yashayotgan 94-, 96-, 96-a-sonli ko‘p qavatli uylarda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi, chiqindixona qurish va jihozlash, zararli hashoratlarga qarshi dezinfeksiya ishlarini olib borish, binolarning yerto‘la qismlarini tozalash kabi uzoq yillardan buyon hal etilmay kelayotgan muammolar o‘z yechimini topmoqda.

Shuningdek, fuqarolarning dam olishlari uchun ko‘p qavatli uylar oldida maxsus suhbatgohlar qurish, o‘rindiqlar o‘rnatish, mahalla va ko‘cha sportini rivojlantirish maqsadida hududda vorkaut maydonchasi tashkil etish hamda ko‘zi ojiz fuqarolarning ishsiz farzandlari bandligini ta’minlash bo‘yicha mehnat yarmarkasi o‘tkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Marhamat tumanidagi “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi tomonidan “Madaniy meros ob’ektlari insonlarga g‘urur beruvchi, tarixiy bilimlarini oshirishga xizmat qiluvchi muqaddas maskandir” nomli loyiha doirasida aholiga bepul xizmat ko‘rsatib kelayotgan “Ma’naviyat bog‘i”, “Xotira” yodgorligi majmuasi, ochiq va yopiq “Mingtepa” muzeyi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. “Mingtepa-madaniy meros” jamoat fondi tasarrufidagi mazkur maskanlarga har yili 10-12 ming nafardan ziyod mahalliy va xorijiy sayyohlar tashrif buyurmoqda. Bu yerda 4 mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona ham aholiga bepul xizmat ko‘rsatmoqda.

[gallery-9162]

Umuman, fondning tashabbusi bilan nafaqat Marhamat tumanidagi, balki Andijon viloyatidagi qator qadimiy yodgorliklar, ziyoratgoh va muqaddas qadamjolarni muhofaza qilish, qadim va ulug‘ tariximizning timsoli sifatida ularning tarixiy ahamiyati keng omma, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, shu orqali yurtdoshlarimiz, yosh avlod qalbida qadim tariximizga, bebaho madaniy yodgorliklarga hurmat, ulardan faxrlanish tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati Andijon viloyati tashkiloti, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi Andijon viloyati bo‘limi, Andijon viloyati Mintaqaviy tadqiqot markazi, “Mehrimiz Sizga” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi singari o‘nlab nodavlat notijorat tashkilotlari viloyatdagi qator ijtimoiy ahamiyatga ega masalalar, muammolarni bartaraf etishda samarali faoliyat yuritmoqda.

– Markazimizda hayotda og‘ir vaziyatga hamda ruhiy inqirozga tushib qolgan ayollarga tibbiy, psixologik, ma’naviy va huquqiy yordam ko‘rsatiladi, – deydi “Mehrimiz Sizga” ayollar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi rahbari Xolidaxon Mirzarahimova. – Shuningdek, markazga yordam so‘rab kelgan xotin-qizlar bu yerda vaqtincha yashash bilan birga, qiziqishlariga qarab turli yo‘nalishlar bo‘yicha kasb-hunarga ham o‘qitiladi. Markazimiz tomonidan keyingi ikki yil davomida 1,5 ming nafarga yaqin ayolga turli yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatildi, ko‘plab ayollarning ishga joylashishiga yordam ko‘rsatildi.

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan viloyatdagi NNTlar faoliyatini muvofiqlashtirish bilan birga, inson qadrini yuksaltirish, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, joylardagi NNTlar va aholi murojaatlarini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvlar doirasida fuqarolardan kelib tushgan ko‘plab murojaatlar ijobiy hal etildi. Masalan, Jalaquduq tumani Navoiy mahallasida yashovchi Umidaxon Payziyeva ishsiz ekanligini, ammo qo‘lida hunari borligini, chevarchilik bilan shug‘ullanib, oilasiga daromad kiritishi mumkinligini aytib, tikuv mashinasi olishiga yordam ko‘rsatilishini so‘ragan. Mazkur murojaatni ijobiy hal etish maqsadida Assotsiatsiya huzuridagi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining moliyaviy ko‘magida Umidaxon Payziyevaga tikuv mashinasi xayriya sifatida taqdim etildi.

Bir so‘z bilan aytganda, viloyatdagi jamoat tashkilotlari jamiyat hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida faol ishtirok etib, “Inson qadri uchun” tamoyilini ro‘yobga chiqarish, turli muammolarni bartaraf etishda faol ishtirok etmoqda.

Faxriddin UBAYDULLAEV, Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA