Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NKMKda qayta tiklanuvchi energiya: natijalar va istiqbol
15:15 / 2026-02-10

Bugungi kunda sanoat korxonalari faoliyatida energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish masalasi strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar korxonaning ekologik va iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan muhim yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda.

So‘nggi yillarda kombinatda quyosh energetikasidan foydalanishni kengaytirish maqsadida qator loyihalar izchil amalga oshirildi. Jumladan, 2024 yilda ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stansiyalarining umumiy quvvati 1 450 kVtni tashkil etgan bo‘lsa, 2026 yilga kelib mazkur ko‘rsatkich qariyb olti barobarga oshirilib, 10 050 kVtga yetkazildi. Natijada ushbu fotoelektr stansiyalar hisobiga bir yil davomida 11,5 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.  

– Ayni paytda kombinatning barcha ma’muriy binolari to‘liq quyosh fotoelektr stansiyalarida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda, – deydi kombinat bosh energetik o‘rinbosari Ikromjon Shukrullayev. – Jumladan, Nurota tumanidagi “Pistali” koni maydonida 2 300 kVt, 4-gidrometallurgiya zavodi hududida 900 kVt hamda Zarafshon qurilish boshqarmasida 500 kVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu ob’ektlar ishlab chiqarish jarayonlarining elektr ta’minotida barqarorlikni oshirish, markazlashgan tarmoqlarga bo‘lgan bog‘liqlikni kamaytirish va energiya xarajatlarini optimallashtirishga xizmat qilmoqda.

Quyosh energetikasi bilan bir qatorda, kombinat elektr energiyasi iste’molining 20 foizdan ortig‘i “yashil energiya” hisobidan qoplanmoqda. Jumladan, Tomdi tumanida joylashgan 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasida ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi kombinat ehtiyojlarini ta’minlashga yo‘naltirilmoqda. Bu esa ishlab chiqarishda uglerod chiqindilarini kamaytirish va ekologik izni qisqartirishda muhim omil hisoblanadi.

Kombinat korxonalarida quyosh energiyasidan foydalanish faqat elektr ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmayapti. Ayni vaqtda 5 mingdan ortiq quyosh suv isitish qurilmalari – geliokollektorlar o‘rnatilgan bo‘lib, yoz mavsumida ular yordamida sutkasiga qariyb 724 ming litr issiq suv ishlab chiqarilmoqda. Natijada yoz oylarida kombinatning issiq suvga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq quyosh energiyasi hisobiga ta’minlanmoqda. Bu esa yil davomida 1,7 million kub metr tabiiy gazni tejash, shuningdek, 12,3 million kVt·soat elektr energiyasini iqtisod qilish imkonini bermoqda.

Kelgusida ham “yashil energetika” yo‘nalishidagi ishlar izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan. Tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, 2026-2030 yillar davomida umumiy quvvati 26,1 MVt bo‘lgan yangi quyosh fotoelektr stansiyalarini foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining energiya mustaqilligi yanada mustahkamlanib, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy ulushi sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.

Albatta, bu tashabbuslar kombinatning barqaror rivojlanishini ta’minlash bilan birga, mamlakat sanoatida “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etishga xizmat qilmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA