Navoiy mashinasozlik zavodida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish, kooperatsiya aloqalari, importni maqbullashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar natijadorligi bo‘yicha press-tur va matbuot anjumani o‘tkazildi.
Press-tur davomida ishtirokchilar Navoiy mashinasozlik zavodining Quymachilik, asbobsozlik, nasos va armatura, mexanik yig‘uv sexlaridagi ish jarayonlari va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar bilan yaqindan tanishdi, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi.
"Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik mashinasozlik korxonalaridan biridir. Bu yerda qariyb 4 ming nafarga yaqin ishchi-muhandis mehnat qiladi. Ular tomonidan “NMZ” yorlig‘i ostida metall va yog‘ochga ishlov beruvchi dastgohlar, yirik avtomobillar uchun murakkab detallar tayyorlanadi. bugungi kunda o‘ta yuqori aniqlikdagi yuksak sifatli metall konstruksiyalar, uskuna va jihozlar, turli o‘lchamdagi ehtiyot qismlar o‘z ishining chinakam ustalari tomonidan yasalmoqda.
Sex mutaxassislari tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda 676 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. 2021 yilda 156 ta yangi ish o‘rni yaratilib, aksariyat yoshlar ishga qabul qilingan.
– Seximizda asosan NKMK tizimidagi korxonalarning talab va ehtiyojidan kelib chiqqan holda quyma mahsulotlar tayyorlanadi, – deydi sex boshlig‘i Zafar Bobodo‘stov. – Ayni paytda pechlarimizda 8 xil markadagi metall eritiladi va 7000 xildagi quyma mahsulotlar tayyorlanib, birgina 2021 yilda mahsulotlarning 86 turi mahalliylashtirilgan. Bo‘limimizda yakunlangan yilda qariyb 400 milliard so‘mlik 30 ming 623 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. Quyma detallarimiz nafaqat yurtimizdagi, balki Qozog‘iston, Belarus davlatlaridagi zavodlarga ham eksport qilinmoqda.
Quymachilik sexida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmini oshirish uchun quyma mahsulotlari hajmini 2026 yilga kelib 40 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan. Hozir quymachilik sexida qurilish va rekonstruksiya ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Jumladan, 25 tonnalik metall erituvchi pech, zamonaviy pnevmotransportyorlar, qoliplash mashinalari, 25 taga yaqin nostandart jihozlar NMZda ishlab chiqarilib, o‘rnatildi.
– Zavod ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish doirasida “Mexanik yig‘uv sexini texnik va texnologik qayta jihozlash” loyihasi amalga oshirilmoqda, – deydi ishlab chiqarish birlashmasi direktori Jahongir Hayitov – Mazkur loyiha bo‘yicha sexning yangi binosi qurilishi yakunlanish arafasida. Ayni paytda koreyalik hamkorlar bilan birgalikda zamonaviy, samaradorligi yuqori dastgohlar olib kelinib, ishga tushirishga tayyorlanmoqda. 2022-2024 yillarda kombinat Investitsiya dasturi doirasida NMZda dastgohsozlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha 28 ta zamonaviy, yuqori aniqlikdagi dasgohlarni xarid qilish rejalashtirilgan. Kelajakda chet el kompaniyalari bilan hamkorlikda kooperatsiya yo‘nalishida zamonaviy, jahon talablariga mos keladigan raqamli dasturlash boshqaruviga ega dastgohlarni ishlab chiqarish va 200 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Korxonada so‘ngi yillarda avval xorijdan sotib olinadigan importning o‘rnini bosadigan mahsulotlarning 60 dan ortiq turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 2020 yilda investitsiya loyihasi doirasida 5-sonli gidrometallurgiya zavodi uchun loyihalashtirishning zamonaviy texnologiyalaridan foydalangan holda zavod tarixida ilk marta MSHR 2,1 x 3 metr sharli tegirmoni ishlab chiqarildi.
2020 yilning dekabr oyida texnologiya jarayonlarining murakkabligi bilan bog‘liq xatarlarga qaramasdan, valyuta mablag‘larini iqtisod qilish va yangi turdagi mahalliylashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish maqsadida yirik o‘lchamli MSHS 5,5 x 6,5 metr sharli tegirmon yakuniga yetkazildi. Tegirmon Markaziy kon boshqarmasi 2-sonli gidrometallurgiya zavodida ishga tushirildi. Natijada 2,5 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ iqtisod qilindi.
– Men 2019 yilda Navoiy davlat konchilik institutining mashinasozlik va texnologik jihozlash fakultetining magistratura bosqichini tamomladim, – deydi Nazokat Karimova. – Talabalik yillarimda amaliyotni mazkur zavodda o‘tagan edim. Imtiyozli yo‘llanma bilan shu zavodga ishga qabul qilindim. 2 yildan buyon mexanika yig‘uv sexida tokar bo‘lib ishlamoqdaman. Seximiz yirik sexlardan biri bo‘lib, bu yerda mingdan ortiq mahsulot turlari ishlab chiqariladi. Men mahsulotlarga mexanik ishlov beraman. Ayni paytda mahalliylashtirish va innovatsion loyihalar asosida tegirmonning ehtiyot qismiga ishlov bermoqdaman.
“NKMK” AJ Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Xolmamat Raupov boshqarib borgan matbuot anjumanida esa mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish, kooperatsiya aloqalari, importni maqbullashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar natijadorligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiya aloqalarini yanada kengaytirish iqtisodiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Kombinatda 2017-2019 yillarda mahalliylashtirish dasturi doirasida 83 ta loyiha bo‘yicha umumiy qiymati 393,9 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, birgina 2021 yilning o‘zida korxonada 154 ta loyiha bo‘yicha 442,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
– “NKMK” AJ o‘zining ilg‘or tajribasi – tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi “shatakka olish” mexanizmini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda, – deydi Q.Taparov. – Bu, bugun kombinat va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun o‘zining yaxshi samarasini berayapti. Jumladan, “Gidro Stanko Servis”, “Navpromlitmash”, “Chilon Lubricants”, “Uchquduq Prom Zona”, “SK Sanoat Kompaniyasi”, “Texno Rezina”, “Karmana-Sharqona Invest” mas’uliyat cheklangan jamiyatlari bilan mustahkam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi va elektron kooperatsiya portali orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 2021 yilda jami 4,3 trillion so‘mlik, jumladan, elektron kooperatsiya portali orqali tuzilgan 2 392 ta shartnoma asosida umumiy qiymati 2,1 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi. Respublika va hududiy sanoat yarmarkalari doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan 86 ta hamkorlik memorandumi hamda mahsulot xarid qilish bo‘yicha 2,1 trillion so‘mlik shartnomalar tuzildi.
Kombinatda import mahsulotlarni qisqartirishning maqsadli ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, uning 2021 yildagi ko‘rsatkichi 84,3 million dollarni tashkil etdi. Korxonada kooperatsiya aloqlarini kengaytirish hisobiga 23,5 million dollar bo‘lgan 56 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar xarid qilindi.
– Korxonamiz 2017 yilda tashkil etilgan, – deydi “Karmana Gold mayn” xususiy korxonasi direktori Ulug‘bek Hamdamov. – Dastlab 2 kishi bilan faoliyat boshlagan bo‘lsak, hozirda 10 dan ortiq xodimimiz bor. Faoliyatimizning ilk yillarida “Navoiy IES” AJ dagi maxsus texnikalar uchun havo filtri yetkazib bergan bo‘lsak, hozirda NKMK tizimidagi korxonalarga mahsulot yetkazib berayapmiz.
Matbuot anjumanida OAV vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA