Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NKMKda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmaydi
21:05 / 2025-12-19

Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, manfaatlar to‘qnashuviga sabab bo‘luvchi holatlarni o‘z vaqtida bartaraf etish va xizmatda oshkoralikni ta’minlash davlat idoralariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi. Shu sabab, profilaktik chora-tadbirlarni doimiy ravishda tashkil etish, xodimlar huquqiy bilimini oshirish va ularning xizmat madaniyatini yaxshilash davlat xizmati samaradorligini yuksaltiruvchi asosiy omillardan hisoblanadi. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJ Komplayens xizmati komplayens yuristi Bahodir Toshev muxbirimizga korxonada bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida quyidagilarni gapirib berdi:

– Prezidentimizning 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2021 yildan boshlab “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida Ichki nazorat tuzilmasi – Komplayens xizmati tashkil etilgan.

Aksiyadorlik jamiyati tashkiliy tuzilmasi va shtatlar jadvaliga muvofiq, Komplayens xizmatiga 15 ta shtat birligi ajratilgan.

Yil avvalida Komplayens xizmatining 2025 yil davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar dasturi va jamiyat tizimida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish xavflarini kamaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangan hamda ijrosi to‘liq nazoratga olingan.

Aksiyadorlik jamiyatining markaziy apparati hamda barcha tarkibiy bo‘linmalarida 2024 yil dekabr oyi va 2025 yil yanvar oyi davomida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ishlari amalga oshirildi.

O‘rganishlar jarayonida aksiyadorlik jamiyatining jami 1478 ta funksiyasi tahlil qilinib, shundan 1 tasi “yuqori”, 25 tasi “o‘rta” va 1452 tasi “past” darajadagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar sifatida baholandi.

Aniqlangan xavf-xatarlarni oldini olish va bartaraf etish maqsadida 2025 yil 23 yanvar kuni 14 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, bugungi kunda uning 12 bandi ijrosi to‘liq ta’minlandi.

Joriy yilning o‘tgan davrida Komplayens xizmati tomonidan jami 7 341 ta ichki idoraviy hujjat korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, 156 tasi normativ-huquqiy hamda ichki hujjatlar talablariga muvofiqlashtirildi.

Shuningdek, Komplayens xizmati xodimlari 19 marotaba, jumladan, 11 tasi onlayn va 8 tasi an’anaviy shaklda tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida ishtirok etib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi.

Tanlov asosida ishga qabul qilinishi ko‘zda tutilgan 4 372 nafar nomzod yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar o‘tkazildi. Tanlov va mehnat qonunchiligiga muvofiq ishga qabul qilingan 4 370 nafar xodimning mehnat shartnomalariga, shuningdek, aksiyadorlik jamiyati tomonidan tuzilgan 16 099 ta xo‘jalik shartnomasiga korrupsiyaga qarshi shartlar kiritilishi ta’minlandi.

Hisobot davrida 36 marotaba o‘rganish va xizmat tekshiruvlari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 73 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.

Jamiyatda faoliyat yuritayotgan 5 499 nafar boshqaruv xodimlari tomonidan yillik ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyalar taqdim etildi. Dastlabki tahlillar natijasida 23 ta mavjud va 72 ta ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi holati aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha Odob-axloq komissiyalari tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Bundan tashqari, “NKMK” AJ bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishuvchi xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda banklar bo‘yicha 8 ta kontragent hujjati sanksiyaviy nazoratdan o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi qaroriga muvofiq, 2025 yilning 3-choragi uchun 29 turdagi ma’lumot va hisobot “E-Anticor.uz” elektron platformasiga kiritildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan e’lon qilingan 2024 yil yakunlari bo‘yicha reyting baholash natijalariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari orasida “NKMK” AJ 96 ball bilan 1-o‘rinni egalladi.

2025 yil iyul oyida Jamiyat Markaziy apparati “CERT International” xalqaro sertifikatlovchi tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan 1-bosqich kuzatuv auditidan muvaffaqiyatli o‘tib, ISO 37001:2016 – “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti talablariga muvofiqligi tasdiqlandi.

Shu bilan birga, 2025 yil yakuni va 2026 yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida ISO 37301:2021 — “Komplayens menejment tizimi” xalqaro standarti bo‘yicha sertifikat olish, xodimlarni korrupsiyaga qarshi komplayens elektron kurslarida o‘qitish hamda manfaatlar to‘qnashuvini avtomatik aniqlashga mo‘ljallangan elektron dasturni joriy etish rejalashtirilgan.

Suhbatni O‘zA muxbiri A.Bo‘riyev yozib oldi.