Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NKMKda 492,4 milliard so‘m iqtisod qilinib, tannarx 5,8 foizga pasaytirildi
14:02 / 2022-07-27

Navoiy shahridagi “NKMK tarixi” muzeyida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2022 yil 1-yarim yillikdagi yakunlari va 2-yarim yillikdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati mamlakatimizdagi yirik sanoat korxonasi hisoblanib, yarim yillikda qariyb 29 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Hisobot davrida oltin ishlab chiqarish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichi to‘liq bajarilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 107,4 foizni tashkil etdi. Shuningdek, yanvar-iyun oylarida 15 trillion so‘mlik byudjetga to‘lovlar amalga oshirildi.

– Investitsiyalar dasturi doirasida 13 ta loyiha bo‘yicha 251,8 million AQSH dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilib, qiymati 696,7 million dollar bo‘lgan 2 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi, – deydi jamiyat mas’ul xodimi U.Kostayev. – Kombinatda doimiy ravishda mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar asosida ish olib boriladi. Natijada 1-yarim yillikda 492,4 milliard so‘m iqtisod qilinib, tannarx 5,8 foizga pasaytirildi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 282,6 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 1510 ta yangi ish o‘rni tashkil qilindi. Sof foyda esa 8,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida qariyb 2,3 trillion so‘mlik mahsulot xarid qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish jarayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Xorijiy investorlar talablariga muvofiq xalqaro auditorlik kompaniyasi ishtirokida Global tashabbuskorlik hisoboti (GRI) standartlariga asosan barqaror rivojlanish hisoboti (ESG) tayyorlanib, moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish bo‘yicha xalqaro konsalting kompaniyasini jalb qilgan holda “NKMK” AJ faoliyati uchun moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) talablariga mos hisob siyosati ishlab chiqildi. Joriy yilning 30 may kuni esa kombinat tarixida ilk marotaba 2021 yil uchun moliyaviy hisobotlarning to‘liq majmuasi Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq tayyorlandi. Hisobot “Deloyt va Tush” xalqaro audit kompaniyasi tomonidan auditdan o‘tkazildi va ijobiy xulosa olindi. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda kombinat balansida zaxiralarni Avstraliya kodeksi JORC Code standartlari talablari asosida qayta baholash ishlari amalga oshirilmoqda.

[gallery-8049]

Matbuot anjumanida aksiyadorlik jamiyatida transformatsiya jarayoni bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida 2-yarim yillikda bajarilishi rejalashtirilgan ustuvor vazifalar xususida ham ma’lumot berildi.

Mutaxassislar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, kombinatning investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalarini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha yetakchi xorijiy banklar bilan faol muzokaralar olib borish rejalashtirilgan. Shu bilan birga “Alvarez end Marsal” xalqaro kompaniyasi (Buyuk Britaniya) bilan hamkorlikda xaridlar va boshqaruv tizimlarini auditdan o‘tkazishni ta’minlash, xaridlar sohasida zamonaviy xalqaro amaliyot tamoyillarini joriy qilish, ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan xaridlar tizimining konsepsiyasini ishlab chiqish, shaffof rejalashtirish tizimini ta’minlash, xaridlar sohasida kengaytirilgan boshqaruv hisobdorligini shakllantirish ham muhim vazifadir. Hozir kombinatda biznes-jarayonlarni optimallashtirish loyihasi doirasida “1S ERP: Xoldingni boshqarish” buxgalteriya va moliyaviy hisobotlarni yuritish elektron tizimini to‘liq joriy qilish ustida ish olib borilmoqda.

Shuningdek, kadrlar siyosatini yanada takomillashtirish yo‘nalishlarini ishlab chiqish, faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari (KPI) tizimi hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnatga haq to‘lashning yangi tizimini joriy qilish, qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish maqsadida aksiyadorlik jamiyatining korporativ yevroobligatsiyalarini muomalaga chiqarish va aksiyalarni birlamchi ommaviy taklif (IPO) asosida joylashtirish ham dolzarbdir.

Matbuot anjumanida mutasaddilar OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA