Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NKMK yoshlari uchun foydali seminar
16:15 / 2026-02-12

Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi “To‘dako‘l” dam olish maskanida joylashgan Xalqaro shaxmat maktabida NKMK yoshlar yetakchilari Kengashi va kasaba uyushmasi Kengashi hamkorligida kombinatda jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan boshlang‘ich tashkilot yetakchilari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

O‘quv-seminar doirasida yetakchilarning liderlik qobiliyatlarini rivojlantirish, yoshlar bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirish va o‘zaro tajriba almashishga qaratilgan treninglar, ma’naviy-ma’rifiy hamda sport tadbirlari tashkil etildi.

Bugungi kunda kombinatda 30 yoshgacha bo‘lgan 11,7 ming nafardan ortiq yoshlar faoliyat olib bormoqda. Shundan 4,2 ming nafari oliy ma’lumotli, 941 nafari xotin-qizlar, 350 nafarga yaqini esa yosh rahbarlardir. Birgina 2025-yilning o‘zida 3 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz ishga qabul qilingani ko‘p ming kishilik jamoada yoshlar va mahalliy kadrlar safi yildan-yilga kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Seminarning birinchi kunida “Seminarda bir kitob” loyihasi doirasida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovi yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ularni fikr almashishga undagan bo‘lsa, “Zakovat” intellektual o‘yini esa bilim, tezkor fikrlash va jamoaviy hamjihatlikni sinovdan o‘tkazdi. 

Seminarning keyingi kunlari ham sermazmun davom etdi. Toshkent xalqaro universiteti dotsenti, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nargiza Norqulova tomonidan yoshlarda ichki motivatsiyani shakllantirish, yetakchilik salohiyatini rivojlantirish va samarali muloqot ko‘nikmalarini oshirish mavzularida amaliy seminar-treninglar olib borildi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar o‘z imkoniyatlarini chuqurroq anglash, maqsad qo‘yish va unga intilishning zamonaviy usullarini o‘rgandi. 

Shuningdek, seminarda “NKMK” AJ Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor X.Raupov Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, yoshlar oldida turgan vazifalar va ularning mamlakat taraqqiyotida faol ishtiroki masalalariga alohida e’tibor qaratdi. “NKMK” AJ Tashkiliy rivojlanish bo‘limi bosh mutaxassisi M.Mirzajonov tomonidan esa “Shaxsiy samaradorlik va jamoa bilan ishlash” mavzusida trening o‘tkazilib, yoshlarga amaliy tavsiyalar berildi.

O‘quv-amaliy seminarda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Boshqaruvi raisi – Bosh direktori, O‘zbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov ishtirok etib, yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, yaratilayotgan keng imkoniyatlar, yoshlar zimmasidagi ulkan mas’uliyat va vazifalar to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

Uchrashuvda yoshlar ham yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘z bilim va salohiyatini to‘liq namoyon etishga tayyor ekanini ta’kidladi.

– Bunday tadbirlar yoshlarimiz uchun betakror imkoniyat hisoblanadi. Insonni izlanishga undaydi, o‘z ustida ishlashga rag‘bat beradi. Eng muhimi, jamoa bo‘lib harakat qilishni o‘rganamiz, – deydi “NKMK”AJ yoshlar yetakchilari Kengashi raisi Temur Qalandarov. – Bu galgi seminarimizda yoshlarimiz nafaqat liderlik va samarali muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirdi, balki jamoada hamkorlik qilish, muammolarni birgalikda hal etish va tajriba almashishda ham katta ko‘nikmaga ega bo‘ldi. Bunday tadbirlar orqali yoshlar shaxsiy rivojlanibgina qolmay, balki kombinatimiz taraqqiyotiga ham faol hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bizga bildirilayotgan ishonch va qo‘llab-quvvatlash biz uchun katta mas’uliyat. Bu ishonchni amaliy natijalar bilan oqlashga harakat qilamiz.

To‘rt kun davom etgan o‘quv-amaliy seminar yakunida “Yilning eng yaxshi yetakchisi” tanlovi g‘oliblari hamda faol yoshlar yetakchilari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri