Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NKMK kutubxonasi turkumidan chop etilgan yangi kitoblar taqdimoti
22:57 / 2020-12-20

Navoiy davlat konchilik institutida ikkinchi jahon urushida erishilgan G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan “Uyg‘oq xotiralar” va ijodkor xodimlarning jamoaviy to‘plami - “Kengliklar sururi” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat yozuvchi-shoirlari, yosh ijodkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, jurnalistlar, adabiyot ixlosmandlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat Kengashi deputatlari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va yoshlar vakillari ishtirok etishdi.

Taqdimot oldidan urush xotiralariga doir eksponatlar, kitoblar, mo‘yqalam sohiblari ko‘rgazmasi, shuningdek, tadbir mavzusiga oid videorolik namoyish etildi va bu barchada qiziqish o‘yg‘otdi.

Har ikkala nashr ham “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tomonidan nashrga tayyorlangan. Kitoblarda asosan kombinat tizimida mehnat qilib, ijod qilayotgan havaskor qalamkashlar va yoshlar, viloyatda faoliyat olib borayotgan taniqli ijodkorlar, yozuvchi-shoirlarning matbuotda e’lon qilinmagan, urush xotiralari, ota-bobolarimiz jasorati haqida hikoya qiluvchi eng sara maqola va she’rlar o‘rin olgan.

– Inson qalbi, hayot tashvishlari hamda xalqimiz orzu-intilishlarini betakror so‘z va satrlarda keng tarannum qilib kelayotgan ijodkorlar xizmati bebaho va tengsizdir, – deydi Navoiy kon-metallurgiya kombinati direktori Quvondiq Sanoqulov. – Kombinatimizda shoirlikka yoki yozuvchilikka davogar bo‘lmagan, lekin bo‘sh vaqtlarida ijod qilib turadigan hamkasblarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. 

Korxonamiz yoshlari yetakchilari Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan uchrashuvda kombinatda mehnat qilayotgan ijodkor ishchi-xodimlarning ijod mahsullarini saralab, to‘plam holida nashr etish bo‘yicha takliflar ilgari surilgan edi. Bu ezgu tashabbus “Kengliklar sururi” kitobining nashr etilishiga turtki bo‘ldi. To‘plamda 100 nafardan ortiq turli yoshdagi xodimlar va mehnat faxriylarining sodda, samimiy va beg‘ubor ijod namunalari jamlangan.

Darhaqiqat, tarix saboqlari, ota-bobolarimiz jasorati, инсон qalbi, dardu tashvishlari, xalqimizning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini mujassam etgan kitob yozish, chop etish, ijodkorlar o‘rtasida tanlovlar o‘tkazish, kitoblar nashr etish ulug‘ savobdir. Navoiy kon-metallurgiya kombinati bu masalaga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Har yili bevosita korxona tashabbusi bilan o‘nga yaqin badiiy, ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy kitoblar nashrga tayyorlanmoqda. 

Jumladan, joriy yilda Q.S.Sanaqulov, O.F.Petuxov, M.A.Qurbonov va U.Z.Sharafutdinov muallifligida “Reniy”, Q.S.Sanaqulov va I.Hamroyev muallifligida “Kosmoplanetar olam va yer jarayonlari haqida”gi kitoblari nashr etilgani, kombinat mutaxassislari va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda Ar-Roziyning “Sirlar siri kitobi” o‘zbek tiliga birinchi marta tarjima qilingani fikrimiz tasdig‘idir.

Joriy yilda kombinatda G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab “Jasorat va matonat madhi” tanlovi o‘tkazildi. Tanlovga 42 nafar ijodkordan kelib tushgan  she’r va publitsistik maqolalar jamlanib, ota-bobolarimiz jasoratini keng tarannum etuvchi “Uyg‘oq xotiralar” kitobi nashr etildi.

– “Uyg‘oq xotiralar” to‘plamiga ana shu tanlovga yuborilgan ijodiy ishlarning eng saralari, shuningdek, ikkinchi jahon urushi mavzusi, urush odamlarining turfa qismati, ona Vatandan minglab kilometr olisda jang qilgan yurtdoshlarimiz jasorati, farzandlarini frontga jo‘natib, ularning sog‘-salomat qaytishini intiqlik bilan kutgan onalar, o‘sha davrning dardu alamlari, armonlari, urushning insonlar qalbida qoldirgan iztiroblari haqida hikoya qiluvchi publitsistik maqolalar, she’rlar kiritilgan, – deydi kitobni nashrga tayyorlovchi, kombinat direktori maslahatchisi Xolmamat Raupov.

Taqdimotda “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etilib, unda bevosita janggohlarda bo‘lib qaytgan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan 100 yoshni qarshilagan karmanalik Pirnazar bobo Turdiyev hamda navbahorlik Bafo bobo Baxronovlar o‘z xotiralar bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir so‘ngida G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Jasorat va matonat madhi” ijodiy tanlovining g‘olib va sovrindorlar estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

“Nihol” mukofoti sovrindori Sh.Davronov va xonanda B.Hasanovlarning ona-Vatanni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlari davraga yanada fayz bag‘ishladi.

Taqdimot marosimida viloyat hokimi K.Tursunov ishtirok etdi va o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA