Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NKMK: innovatsion markaz ishlab chiqarish samaradorligini oshirdi
17:35 / 2023-03-29

Mamlakatimizda har bir sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Kombinatda Innovatsion markaz tashkil etilgan. Bu yerda 7 nafar fan doktori va 15 nafar fan nomzodlari bilan hamkorlikda korxonaning innovatsion salohiyatini oshirish, fan va ishlab chiqarish integratsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan loyihalar ishlab chiqarilmoqda.  

– So‘nggi yillarda kombinatning tajribali va malakali olim hamda mutaxassislari tomonidan yaratilgan 37 ta ixtiro uchun O‘zbekiston Respublikasi, xalqaro idoralardan patentlar olingan, – deydi markaz boshlig‘i Qahramon G‘afurov. – 2017 yilda kon-metallurgiya sanoati tarixida ilk bor yaratilgan ixtiro uchun BMT huzuridagi Butunjahon intellektual mulk tashkilotining “Oltin medali” bilan taqdirlandik. Bu ixtiro 3-gidrometallurgiya zavodida qo‘llandi. Natijada ma’dandan oltinni ajratib olish darajasi 13 foizga, tayyor mahsulot hajmi esa 10 foizga oshdi.  

Kombinat faoliyatida ratsionalizatorlik yo‘nalishi ham muhim o‘rin tutadi. Bo‘linmalarda ratsionalizatorlar va ixtirochilar klublari tashkil etilgan. Har yili 8 ta yo‘nalish bo‘yicha “Eng yaxshi ratsionalizator” tanlovi o‘tkazilmoqda. So‘nggi yillarda 827 ta ratsionalizatorlik taklifidan jami 457,5 milliard so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishildi. Birgina 2022 yilda 219 ta ratsionalizatorlik taklifi korxonaga qariyb 290 milliard so‘m iqtisodiy samara keltirdi.  

– Markaziy kon boshqarmasidan taqdim etilgan “Rudani yuvish maydonchasining yuqori qatlamlarida himoya qatlamini joylashtirish” mavzuidagi taklifdan 15,7 milliard so‘m, 1-gidrometallurgiya zavodidan taqdim etilgan “Qoraqo‘ton” konining ishlanishi qiyin bo‘lgan ma’danlarini qayta ishlash texnologik sxemasini takomillashtirish” mavzuidagi ratsionalizatorlik taklifidan 8,7 milliard so‘m iqtisodiy samaradorlikka erishildi, – deydi Qahramon G‘afurov. – Innovatsion markazda yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha “Ratsionalizatorlik faoliyati portali” yagona ma’lumotlar bazasi yaratilgan. Bunda har bir xodim portal orqali o‘z ratsionalizatorlik takliflarini taqdim etishi, tanlovga oid me’yoriy hujjatlar, tanlov natijalari bilan tanishib borishi mumkin. Markaz tarkibida texnik kutubxona mavjud bo‘lib, kombinat ishchi-xodimlari muntazam ravishda texnik adabiyotlar bilan tanishishlari mumkin. Shuningdek, kitob va jurnallarning elektron shakli ham yaratilgan.  

Ayni paytda markazda mahalliy va xalqaro oliy ta’lim, ilmiy-tekshirish institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 6 iyuldagi “2022 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 25 ta mavzu, bundan tashqari, kombinatning 2023 yilga mo‘ljallangan innovatsion dasturiga muvofiq 62 ta mavzu bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA