“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ da “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarning olti oylik ijrosiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Unda kombinat matbuot markazi rahbari Abdumajid Jo‘rayev Davlat dasturidan kombinatga taalluqli jami 5 ta bandning 3 tasi to‘liq bajarilgani va 2 tasi ijrosi yuzasidan tizimli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Ta’kidlanishicha, Davlat dasturi doirasida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida ham 7 ta bo‘lim va 42 ta banddan iborat alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Uni amalga oshirish uchun 44,4 milliard so‘m va 486 million dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan. O‘tgan olti oylikda chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan bandlar ijrosini ta’minlash maqsadida 31 milliard so‘m va qariyb 252 million dollarlik ishlar bajarilgan.
– Investitsiya dasturi doirasida 2022 yilda yangi loyihalarni amalga oshirish hisobiga 2095 ta yangi ish o‘rni yaratish va unga yosh mutaxassislarni qabul qilish nazarda tutilgan edi, – dedi A.Jo‘rayev. – Olti oyda esa 1510 ta yangi ish o‘rni yaratilib, unga oliygoh va kollej bitiruvchilari, “Ishga marhamat” monomarkazida kasbga tayyorlangan yoshlar ishga qabul qilindi. Shuningdek, 6-gidrometallurgiya zavodida avtomatlashtirilgan tizim, 5-gidrometallurgiya zavodi flotatsiya uchastkasida sun’iy intellekt tizim joriy etilishiga 13 milliard 895 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, yuqori va quyi bo‘g‘in rahbar-xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlashga 5 milliard 385 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga asosan, uch ming nafarga yaqin kombinat pensionerlariga Jamoa shartnomasi asosida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib olishga 2 milliard 951 million so‘m, pensionerlarga sanatoriylarga 3 milliard 68 million so‘mlik imtiyozli yo‘llanmalar, yolg‘iz pensionerlarga 439 million so‘mlik moddiy yordam ajratildi.
Shunindek, chekka va cho‘l hududlarida yashovchi mingdan ortiq kam ta’minlangan oila farzandlari va oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari uchun bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlariga umumiy qiymati 1 milliard 623 million so‘m bo‘lgan imtiyozli yo‘llanmalar ajratildi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” loyihasi doirasida esa 4 ming nafarga yaqin kombinat ishchi-xodimlarining tarixiy shaharlarga sayohatlarini tashkil etishga 395 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Brifingda Davlat dasturi birinchi yarim yillikda 69 foizga bajarilganligi ta’kidlanib, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
A.Bo‘riyev,O‘zA