French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“NKMK” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish: tizimli yondashuv va amaliy natijalar
15:53 / 2026-02-20

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Jumladan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida ham korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar izchillik va tizimli yondashuv asosida davom ettirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida korxonada komplayens xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur tuzilma korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida mas’ul etib belgilangan.

– 2025-yil davomida ushbu yo‘nalishda keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida 24 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, uning barcha bandlari to‘liq ijro etildi, – deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Komplayens xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Toshev. – Shuningdek, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi xavflarini kamaytirishga qaratilgan 9 bandli yo‘l xaritasi ham amaliyotga to‘liq joriy qilindi. Jamiyat boshqaruviga kiritilgan 120 ta hujjat loyihasi va 38 ta fuqaro qabuli bayonnomalari loyihalari huquqiy va korrupsiyaviy ekspertizadan o‘tkazilib, qonuniyligi ta’minlandi.

Komplayens xizmati tomonidan Markaziy apparat va tarkibiy bo‘linmalarda ishlab chiqilgan jami 8 074 ta ichki idoraviy hujjat loyihalari korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi. Natijada 168 ta hujjat loyihasi amaldagi normativ-huquqiy talablarga muvofiqlashtirildi. Bu esa hujjat aylanmasi jarayonida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.

Kombinatimizda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash ishlariga alohida e’tibor qaratilgan. 1 478 ta funksiya tahlil qilinib, ulardan faqat 1 tasi “yuqori”, 19 tasi “o‘rta”, 1 458 tasi “past” darajada deb baholandi. Aniqlangan xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Avvalgi yillarga nisbatan “yuqori” va “o‘rta” xavf darajasidagi funksiyalar soni sezilarli kamaygani amalga oshirilgan profilaktik ishlar samarasini ko‘rsatadi.

Xodimlarni ishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida 4 610 nafar nomzod tekshiruvdan o‘tkazilib, 4 608 tasiga ijobiy, 2 tasiga salbiy xulosa berildi. Ishga qabul qilingan barcha xodimlarning mehnat shartnomalariga hamda tuzilgan 16 209 ta xo‘jalik shartnomalariga korrupsiyaga qarshi maxsus shartlar kiritilishi ta’minlandi. 

Manfaatlar to‘qnashuvini deklaratsiyalash amaliyoti doirasida 5 499 nafar boshqaruv xodimlaridan deklaratsiyalar olinib, 22 ta mavjud va 73 ta ehtimoliy holat aniqlandi hamda tegishli tartibda choralar ko‘rildi.

Kontragentlar bilan ishlash jarayonida ham qat’iy komplayens nazorati o‘rnatildi. Jamiyat bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishmoqchi bo‘lgan 1368 ta kontragent tekshirildi, 16 ta xorijiy sherik sanksiyaviy nazoratdan o‘tkazildi. Xaridlar sohasida 9 ta tender hujjatlari qonuniylik jihatidan ko‘rib chiqildi.

Prezidentimizning 2022-yil 12-yanvardagi qaroriga muvofiq, 2025-yil bo‘yicha 29 turdagi ma’lumot va hisobotlar “E-Anticor.uz” elektron platformasiga kiritildi. 

Jamiyat rasmiy veb-sayti va ichki portalida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda “Ochiq ma’lumotlar” bo‘limlari doimiy ravishda yangilanib, aholi va xodimlar uchun zarur ma’lumotlar e’lon qilib borilmoqda. Ommaviy axborot vositalari ishtirokida brifinglar, “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etilib, jamoatchilik bilan ochiq muloqot yo‘lga qo‘yildi. 

Joriy yilda esa ISO 37301:2021 “Komplayens menejment tizimi” xalqaro standarti bo‘yicha sertifikat olish, elektron komplayens kurslarini joriy etish va manfaatlar to‘qnashuvini avtomatik aniqlash dasturini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu tashabbuslar korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va tizimli chora-tadbirlar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJda halollik, qonuniylik va jamoatchilik oldida hisobdorlik tamoyillari ustuvor yo‘nalishga aylanganini yaqqol namoyon etmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri