“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati o‘z tarixida “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan birinchi kredit reytingini oldi. Kompaniyaga O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingiga muvofiq “Barqaror” prognozi bilan “BB-” uzoq muddatli kredit reytingi berildi.
“S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi reytingni baholash doirasida bir vaqtning o‘zida Kompaniyaning kreditga layoqatlilik xususiyatlarini (SACP) “BB-” darajasida baholadi, bu bugungi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi korxonalari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
“S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi reliziga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida joylashgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ 2023 yil yakuniga ko‘ra 2,9 million unsiya oltin ishlab chiqargan, jahonda to‘rtinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Kompaniya ishlab chiqarish tannarxining arzonligi va boy resurs bazasi, shuningdek, qarz yukining konservativ ko‘rsatkichi aylanma kapitalda o‘zgarishgacha operatsion faoliyatdan pul oqimi qarzga nisbatan ko‘rsatkichining 60 foizdan barqaror oshishi bilan ajralib turadi.
2023 yil yakuni bo‘yicha “NKMK” AJda oltinning bir unsiyasi uchun ishlab chiqarishning umumiy xarajati 745 AQSH dollarini tashkil etdi va reyting agentligi baholagan kompaniyalar orasida eng past ko‘rsatkichlardan biridir. “S&P Global Ratings” reyting agentligi relizida oltin narxining qulay konyunktura sharoitida “NKMK” AJ tomonidan kelgusi yillarda yuqori operatsion va moliyaviy ko‘rsatkichlarga erishishi ta’kidlandi.
– Kompaniyaning birinchi xalqaro kredit reytingini olishi respublikadagi eng yirik korxona rivojlanishidagi muhim bosqich bo‘lib, xalqaro kapital bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi, korxonaning xalqaro e’tirofini oshiradi hamda butun mamlakatimizda, jumladan, Kompaniyada islohotlar va transformatsiya jarayonlari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi, – deydi Bosh direktorning transformatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ye.Antonov. – Kompaniyaning O‘zbekiston Respublikasi korxonalari orasida birinchi bo‘lib “S&P Global Ratings” agentligi tomonidan “bb+” darajasidagi kreditga layoqatlilik bahosini olishi tarixiy voqea bo‘ldi. Bu xalqaro moliya bozori ishtirokchilarining kompaniyaning barqaror moliyaviy strategiyasi hamda ishlab chiqarish va investitsiya faoliyatini yanada rivojlantirish rejalariga yuksak ishonchini tasdiqlaydi.
“NKMK” AJ matbuot xizmati.
O‘zA