Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
NKMK: 513,6 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi
12:58 / 2023-09-30

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Byudjetlashtirish va kontrolling bo‘limi boshlig‘i Umid Kostayev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Bugun hayot shiddat bilan ilgarilab bormoqda. Zamon, talablar, mezonlar o‘zgarmoqda. Shu bois, Yangi O‘zbekistonda asosiy e’tibor keng qamrovli islohotlarga qaratilgan. Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. Natijada zamonaviy gidrometallurgiya zavodlari, yangi kon-shaxta va boshqa ob’ektlar qurish, korxonalar quvvatlarini oshirish hisobiga kombinatda ishlab chiqarish hajmi, iqtisodiy ko‘rsatkich va natijalar ko‘lami yildan-yilga o‘sib boryapti. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 martdagi qarori bilan tasdiqlangan “NKMKni 2017-2026 yillarda rivojlantirish dasturi”da qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Dasturda nazarda tutilgan ishlab chiqarish hajmining o‘sishi korxonada ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish bo‘yicha yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga ta’minlanmoqda. 

Kombinat tomonidan 2017-2022 yillarda umumiy qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan 20 ta yirik investitsion loyiha ishga tushirildi, 14 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. 

Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi Dasturning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlovchi asosiy omil bo‘ldi. Natijada 2022 yilda 2016 yilga nisbatan tog‘-jinslarini qazib olish hajmi 2,3 barobar, ma’danni qayta ishlash 1,6 barobar, oltin ishlab chiqarish hajmi 21 foizga, kumush ishlab chiqarish 46 foizga oshdi. 

Bugungi kunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati respublikamizda eng yirik soliq to‘lovchi korxona hisoblanadi. Jumladan, 2022 yilda 33,4 trillion so‘mlik soliq va divident to‘langan. 

Hozirda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida transformatsiya jarayonlari ham jadal davom etmoqda. Bu borada kombinatning 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan transformatsiya dasturi tasdiqlandi. Bunda xomashyo bazasini rivojlantirish, asosiy ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, raqamlashtirish, investitsion jarayonlarni rivojlantirish, ESG va sanoat xavfsizligini ta’minlash va boshqa yo‘nalishlar alohida e’tiborga olingan. 

Bundan tashqari, kombinat balansidagi qimmatbaho metallar zaxiralarini Avstraliya JORC Code kodeksi standartlari talablari asosida qayta baholash, yetakchi konsalting kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini takomillashtirish borasida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. 

2023 yilda kombinat jamoasi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 65 trillion so‘mga yetkazib, o‘sish sur’atini 2022 yilga nisbatan 103,4 foizga ta’minlash, mavjud konlardan 252 million kub metr tog‘ jinslari qazib olish va gidrometallurgiya zavodlarida 98 million tonna ma’danni qayta ishlash rejalashtirilgan. 

Kombinat tizimida investitsiya dasturiga asosan qiymati 513,6 million dollar bo‘lgan 12 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, shundan, qiymati 408,8 million dollarlik 5 ta loyiha ishga tushiriladi. 

Shuningdek, “Xeydrik end Stragls” “xed-xanter” kompaniyasi bilan birgalikda faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari (KPI) tizimi hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnatga haq to‘lashning yangi tizimi joriy qilinib, tog‘-kon sanoatida dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda xodimlarning o‘zaro tajriba almashishini tashkil etish, xorijiy kompaniyalarda mahalliy kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA