Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nizoli holatlarda paxtaning namligi va iflosligini aniqlash mezonlari qanday?
17:10 / 2023-10-03

Paxta xomashyosini terish va tayyorlov maskanlariga topshirish ayni damda qizg‘in pallaga kirgan. Nizoli holatlarda paxtaning namligi va notozaligini aniqlash ishlari qay tartibda bajariladi? Bu kabi muammoli masalalar yechimi adolatli hal etilyaptimi?

Mazkur savol yuzasidan “O‘zagroinspeksiya” axborot xizmati rahbari Xolida Shodiyeva quyidagilarni ma’lum qildi.

– Eng avvalo, maxsus transport vositasi orqali olib kelingan chigitli paxtani zararsizlantirish maqsadida tegishli hududlar yong‘inga qarshi vositalar bilan ta’minlanadi, – deydi Xolida Shodiyeva. – Keltirilgan paxtadan davlat standartlari asosida laboratoriya tahlillari uchun namunalar olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2023 yilda yetishtirilgan paxta hosilini sifatli qabul qilish va topshiruvchi hamda qabul qiluvchilar o‘rtasida yuzaga keladigan nizoli holatlarni adolatli hal etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari uyushmasi, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi vakillari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 384 ta paxta tayyorlov maskanlarida paxta xomashyosini qabul qilishda nizoli holatlarni adolatli hal etish uchun 39 ta Mobil arbitraj guruhlari tashkil etildi.

Laboratoriya tahlillari uchun olingan paxtaning namuna nusxasi tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Keyin esa paxta sifatini aniqlash, namligi va notozaligini tekshirib ko‘rish maqsadida tahlil uchun 40 gramm atrofidagi paxta namunalari olinadi va to‘rt qismga ajratiladi hamda tegishli qismi maxsus apparat yordamida tekshirib ko‘riladi, notozalik ko‘rsatkichlari aniqlanadi.

Joriy yilning 3 oktyabr holatiga tayyorlov maskanlarida qabul qilinayotgan paxta xomashyosining namligi va iflosligini aniqlash yuzasidan inspeksiyaning hududiy boshqarmalarida tashkil etilgan 39 ta Mobil arbitraj guruhiga 113 ta murojaat kelib tushgan. Paxta xomashyosining iflosligi va namligi bo‘yicha nizolarning 81 tasi fermer xo‘jaliklar foydasiga, 32 tasi tayyorlov korxonasi foydasiga hal etilgan. Tadbirkorlik sub’ektlarining murojaatlariga asosan, Mobil arbitraj guruhlari tomonidan nizoli holatlarni hal etish natijalari bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirib borilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu yilgi g‘o‘za maydonlarida yetishtirilgan paxta hosili sifatli qabul qilinishi “O‘zagroinspeksiya” tomonidan muntazam nazorat etilishi natijasida respublikada tayyorlangan paxta xomashyosi yuqori navlarga qabul qilingan.

“O‘zagroinspeksiya” va uning hududlardagi boshqarma hamda bo‘limlar mutasaddilari tomonidan fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari va tashkil etilgan kooperatsiyalarga yetishtirilgan paxta xomashyosini yuqori navlarga topshirish orqali qo‘shimcha daromad manbaini yaratish hamda paxta xomashyosini sifatli qabul qilib, uni qayta ishlash orqali raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish mumkinligi yuzasidan tushuntirishlar va kerakli tavsiyalar berib borilmoqda.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA