Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nishonlarni yo‘q qilishning o‘ziga xos usullari amalda ko‘rib chiqildi
18:14 / 2025-04-19

Mardi maydonlar

Qo‘shinlarda o‘quv yili o‘zining mohiyati va ko‘lami bilan harbiy xizmatchilarimizning bilim va malakalarini yanada boyitishda muhim ahamiyatga ega. Chunki harbiy soha hamisha izlanishni, o‘qish, o‘rganishni, ko‘nikma va mahoratni oshib borishni talab etadi. Bugungi kunda yurt posbonlarimiz havas qilarli darajadagi jangovar va taktik mahoratlarini kundan-kunga oshirib borgan holda, har qachongidan-da fidokorlik va jonbozlik ko‘rsatmoqda.

Sharqiy harbiy okrugning Farg‘ona garnizonidagi harbiy qism shaxsiy tarkibi bilan o‘tkazilgan batalon taktik o‘quvi ham ayni shu maqsadlarga xizmat qildi.

Rejaga muvofiq jarayonlar boshlandi. Azamatlar “yig‘in” signali bilan yuqori shaylikka keltirildi. Zudlikda qurol-aslaha va boshqa zarur vositalar olindi. Guruh yetakchisi yuqori qo‘mondonlikdan tushgan jangovar buyruqni yetkazdi. Topshiriqlar qisqa vaqt ichida o‘zaro taqsimlanib, harakatlar rejasi kelishib olindi.

O‘zi umuman bu kabi mashg‘ulotlarda komandirlar mahorati yuzaga chiqadi. Chunki soniyalar ichida vaziyat o‘zgarishi mumkin. Biroz oldingi qarorni yangisiga o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi ham hech gapmas. Shu sabab ham yetakchi oldi qatorda borib, holatni nazoratda ushlaydi.

Kolonna tarkibida okrugning “Sho‘rsuv” dala-o‘quv maydoniga yetib kelgan yurt o‘g‘lonlari hududda mos ravishda joylashuvni tashkil etdi. Harbiy texnikalar niqoblandi. Pozitsiyalar egallanib, qo‘riqlov yo‘lga qo‘yildi. Atrof o‘rganildi.

– Batalon taktik o‘quvlarida asosiy e’tibor yurt himoyachilarining taktik va operativ ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilmoqda, – deydi mayor Nurali Bo‘riboyev. – Shuningdek, mashg‘ulotda shaxsiy tarkibga qo‘shinlar taktik harakatlarining asosiy elementlarini amalda bajarish bo‘yicha aniq va murakkab topshiriqlar berildi. Vatan himoyachilarning belgilangan joylarga yetib borishi, jangovar o‘t ochishning samarali usullaridan foydalanishi ko‘rib chiqildi. Bu yerda hamma bir tanu bir jon. Hech kim o‘zi uchun kurashmaydi. Nega kurashmaydi, deyapman? Oddiy yoki murakkab mashg‘ulot bo‘lsin, jamoa unda kurashuvchanligini oshiradi. Hamjihatlikni mustahkamlaydi. Komandir sifatida qo‘l ostimdagi har bir harbiy xizmatchining o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, unga vazifani belgilayman. Bu esa, yuklatilgan vazifani tezkor va aniq bajarishimizda muhim rol o‘ynaydi. Chunki imkoniyatdan va qobiliyatdan kelib chiqib, topshiriqqa kirishilsa, uning yakundagi natijasi a’lo bo‘ladi. Yana bir gap: yangi taktik harakatlar, otish uslubiyati va boshqa jihatlar ham doim e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Bugungi batalon taktik o‘quvi esa, biz uchun o‘rganganlarimizni takrorlash uchun qo‘l keldi.

Aytish kerakki, bir vaqtning o‘zida 10 dan ortiq o‘quv joylarida harakat boshlandi. Bunda razvedkachilar ilk qadamni tashlab berdi. Ular atrofni sinchkovlik bilan o‘rganib, shartli dushman joylashgan joy va texnikalarini ifodalovchi nishonlarni aniqladi. Kerakli ma’lumotlar asosida komandir qaror qabul qildi. Endi navbat keyingi guruhga keldi. Yigitlar qo‘qqisdan hujumni uyushtirdi. Zirhli jangovar texnikalar bilan otish joyini egallash va hujumni tashkil etish ishlari keng ko‘lamda olib borildi. Shuningdek, piyodalarning ham belgilangan tartibda dushman hududiga bostirib kirishi, mudofaa chizig‘ini himoya qilish tadbirlari amalda ko‘rib chiqildi. Ahamiyatlisi, jarayonlarda o‘g‘lonlar topshiriqlarni jahonda kuzatilayotgan harbiy-siyosiy vaziyat va qurolli to‘qnashuvlar tahlili asosida bajardi.

Ketma-ket otilayotgan o‘qlar nishon markazini yorib o‘tdi. Demak, bundan ko‘rinadiki, Vatan o‘g‘lonlari har qanday sharoitda ham qo‘yilgan topshiriqni yuqori saviyada ado etishga qodir. Ular cho‘l sharoiti, notanish hudud, qiyin vaziyatlarda ham to‘xtab qolmaydi. Chunki harbiy xizmatchi – millat himoyachisi.

Qisqasi, bu yerda ham komandirning yetakchilik qobiliyati, ham shaxsiy tarkibning jangovar shayligi chin ma’noda sinovdan o‘tdi.

– Harbiy xizmatchi har jihatdan mukammal bo‘lishi kerak. Jangovar shayligi yuqori, jismonan chiniqqan va albatta vaziyatdan kelib chiqib, mustaqil qaror qabul qilaolishi lozim, – deydi kichik serjant Jasur Eshmirzayev. – Qolaversa, u mavjud qurollarni qo‘llay bilishi va topshiriqlarni tez hamda aniq bajarish imkoniga ega bo‘lishi kerak, ana shunda muvaffaqiyat qozonadi. Aytishim kerakki, mashg‘ulotlarning har bir o‘quv joyida safdoshlarimiz bilan birgalikda osondan murakkablashgan vazifalarni bajardik. Xususan, shahar sharoitidagi nishonlarni yakson etish, notanish hududdagi topshiriqlar, qisqasi barcha jarayonlarda bo‘linmamizning birdamligi mustahkamlandi. Aytishadi-ku, bilimli, kasbiy ko‘nikmasiyu mahoratini oshirib kelgan jangchi hech qachon taslim bo‘lmaydi, vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqaradi va shu asosida g‘alaba sari odimlaydi. Bugun ana shu tamoyil bizni bir musht bo‘lib harakatlanishimizga turtki bermoqda.

Mashg‘ulotlarda yangicha harakatlar namoyish etildi. Nishonlarni yo‘q qilishning o‘ziga xos usullari amalda ko‘rib chiqildi. Guruhning birgalikdagi harakatlari yanada muvofiqlashtirildi. Qisqasi, mazkur o‘quvlar tinchlikka qalqon o‘g‘lonlarning yo‘nalishlar bo‘yicha bilimlarini yanada mustahkamlashga, tajribalarini ortishiga xizmat qildi.

 Shohrux SAIDOV,

kapitan,

“Vatanparvar” muxbiri.

O‘zA