Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nishikori omadsiz seriyaga barham berdi
18:48 / 2019-01-06

Hozirgina Avstraliyaning Brisben shahrida tashkil etilgan nufuzli tennis turniri oʻz yakuniga yetdi


Hozirgina Avstraliyaning Brisben shahrida tashkil etilgan nufuzli tennis turniri oʻz yakuniga yetdi.

ATP World Tour-250 seriyasiga kiruvchi ushbu turnirning umumiy sovrin jamgʻarmasi 589 680 AQSH dollaridan iborat boʻlib, unda Rafael Nadal, Endi Marrey, Kei Nishikori, Milosh Raonich, Grigor Dimitrov kabi oʻndan ortiq jahonning eng taniqli va yetakchi raketka ustalari gʻoliblik uchun kortga tushishdi. Buni tushunsak boʻladi, negaki tennischilar mavsum boshlanishini sogʻinib qolishgandi. Qolaversa Brisbane International turniri “Katta dubulgʻa” turkumiga kiruvchi yilning dastlabki musobaqasi – Avstraliya ochiq chempionati oldidan ularga oʻziga xos koʻrik vazifasini ham oʻtab berardi.

Bugun intiho topgan turnirning finaliga yaponiyalik nomdor tennischi Kei Nishikori va kutilmaganda rossiyalik Daniil Medvedevlar yetib kelishdi. Uchrashuvning birinchi setida kunchiqar yurt vakili 6:4 hisobi bilan gʻalabaga erishdi. Ammo, ikkinchi setda 3:6 hisobida rus tennischisining qoʻli baland keldi.

Agar voqealar rivoji shu taxlit rivoj topganida Nishikori oʻzi ishtirok etgan ketma-ket oʻninchi final oʻyinida ham imkoniyatni boy berishi muqarrar edi. Lekin, soʻnggi pallada yapon tennischisi vaziyatni oʻnglashga muvaffaq boʻldi va hal qiluvchi uchinchi setni 6:2 hisobida oʻz foydasiga hal qildi.

Shu tariqa Kei Nishikori 2016 yilgi Memfis turniridan keyin oʻzining dastlabki sovrinini qoʻlga kiritdi. Darvoqe, kunchiqar yurt vakili uchun bu faoliyatidagi 12-sovringa aylandi.