Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Nishbosh” ko‘mir konini o‘zlashtirish loyihasi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?”
16:41 / 2025-12-22

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika sohasini rivojlantirish, xususan, ko‘mir sanoatida mavjud zaxiralarni samarali o‘zlashtirish va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Bu borada strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘mir konlarini zamonaviy texnologiyalar asosida o‘zlashtirish, sohada xorijiy investorlar ishtirokini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifalardandir.

Toshkent viloyatining Angren shahrida “Nishbosh” ko‘mir konni o‘zlashtirishga qaratilgan investitsiya loyihasining tatbiq etilayotgani ham shu ishlar davomidir.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev rahbarligida  ishchi guruh ushbu manzilda bo‘lib, investitsiya loyihasining joriy holati ko‘zdan kechirildi.  

Xususan, unda “Nishbosh ko‘mir” MCHJ XK tomonidan “Nishbosh” ko‘mir konni o‘zlashtirish investitsiya loyihasi doirasida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining holati, loyihani amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar batafsil tahlil qilindi.

Shuningdek, ishlarni belgilangan muddatlarda va sifatli bajarish, ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich ishga tushirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv doirasida Xitoyning “China Coal Resources Development Group” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, mazkur kompaniya tomonidan “O‘zbekko‘mir” AJ tasarrufidagi konlarda ko‘mir qazib olish hajmlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ko‘mir kimyo-sanoatiga oid istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.  

Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va sohani yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi axborot xizmati qayd etganidek,  “Nishbosh” ko‘mir konini o‘zlashtirish loyihasi mamlakatning ko‘mir sanoatidagi strategik ahamiyatini oshiradi. U nafaqat milliy energetika tizimining barqarorligini ta’minlaydi, balki mamlakatda zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarishni kengaytirish, ish o‘rinlari yaratish va mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.  Shuningdek, loyiha xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va sohada samarali hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratadi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA