Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi qaroriga asosan “NISHAN PHARM BUSINESS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun 2022-yil 13 oktyabrda berilgan 488-sonli litsenziya bekor qilindi. Hamda mazkur dorixona litsenziyasi tugatilgan dorixonalar manzillari va qonun buzilishlariga bevosita aloqador xodimlar (provizorlar, farmatsevtlar)ning yagona reyestriga kiritildi.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida mazkur dorixona faoliyatida amaldagi qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlangan. Xususan, muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan dori vositalarini saqlash va realizatsiya qilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani, shuningdek litsenziya talablari va shartlariga rioya etilmagani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilib, sud tomonidan ish hujjatlari, taqdim etilgan dalillar hamda amaldagi qonunchilik normalari har tomonlama va xolisona o‘rganildi. Natijada da’vo asosli deb topilib, tegishli huquqiy chora ko‘rildi.
Markaz matbuot xizmati xabarida qayt etilishicha, davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida amaldagi qonunchilikka muvofiq sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, saqlash hamda ularni ulgurji va chakana realizatsiya qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Vakolatli organlar tomonidan farmatsevtika sohasida qonuniylikni ta’minlash, adolatli raqobat muhitini shakllantirish hamda aholiga sifatli va xavfsiz dori vositalarini yetkazib berishga qaratilgan nazorat choralari bundan buyon ham qat’iy davom ettiriladi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA