Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nima uchun yer uchastkasiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish muhim? (+video)
22:10 / 2025-09-15

Barchaga ma’lum, yer uchastkalariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish orqali fuqaro yoki tadbirkor o‘z huquqini himoya qilishi, davlat reyestrida rasman egalik huquqini tasdiqlatishi mumkin.

Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishning afzalliklariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yerga egalik yoki foydalanish huquqi davlat reyestrida rasmiy qayd etiladi. Sud, davlat organlari va uchinchi shaxslar oldida yer uchastkasiga bo‘lgan huquq kafolatlanadi. Sotish, sotib olish va meros qilib qoldirish imkoniyati bo‘ladi. Faqatgina kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan yerni sotish, sovg‘a qilish yoki meros qoldirish mumkin.

Shuningdek, kredit olish, ipotekaga qo‘yish yoki qurilish uchun ruxsat olish jarayonida yerning kadastr hujjati talab qilinadi. Investitsiya jalb qilishda yer uchastkasi huquqiy jihatdan “toza” bo‘lishi zarur.
Eng muhimi, yerdan foydalanish bilan bog‘liq davlat dasturlari, subsidiya va imtiyozlardan faqat rasmiy hujjatga ega shaxslar foydalana oladi.

Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirmaslik oqibatlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, yerning aniq egasi yoki foydalanuvchisi bo‘yicha nizolar chiqishi mumkin. Qo‘shnilar yoki davlat organlari bilan tortishuvlarda huquqni himoya qilish qiyin bo‘ladi. Sotish yoki meros qoldirish imkoniyatsiz bo‘ladi. Kadastrsiz yer uchastkasi to‘liq huquqiy muomala ob’ekti emas, uni rasmiy sotib olish yoki sotish mumkin emas. Yer hujjati yo‘q bo‘lsa, unda uy-joy yoki ishlab chiqarish binolarini qurish uchun hech qanday rasmiy ruxsat berilmaydi. Kredit va investitsiya imkoniyati yo‘q bo‘ladi. Bankka ipoteka sifatida qo‘yib bo‘lmaydi. Investor ham noaniq huquqiy maqomga ega yerga mablag‘ yo‘naltirmaydi.

Eng yomoni, agar yer rasmiy ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa, davlat yer fondi hisoblanib, muayyan hollarda qaytarib olinishi mumkin. Shuni ham aytish o‘rinli, yer uchastkalari va ko‘chmas mulklarga bo‘lgan huquqlarni o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 681-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, “Soliq kodeksi”ning 437-moddasiga asosan yer uchastkalaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda, soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining uch baravari miqdorida hisoblanishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli, yer uchastkasiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish lozim. 

Buning uchun qanday hujjatlar kerak bo‘ladi? Kadastr agentligi xodimi Begzod Otabekovga shu savol bilan yuzlandik.

– Yer uchastkasiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi 535-son qarori 1-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi, – deydi Begzod Otabekov. – Bunda mulk egasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 31, 32, 33 moddalarida keltirib o‘tilgan yer uchastkasiga tegishli huquqiy hujjatlar ilova qilingan holda kadastr pasportini shakllantirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beriladi.

Ariza Davlat kadastrlari palatasining tuman (shahar) filiallaridagi kadastr muhandislari tomonidan yer uchastkasi to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilib, kadastr yig‘ma jild hujjatlari shakllanadi.

Arizalar belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilib, kadastr pasporti shakllantiriladi.

Kadastr pasporti shakllantirilganidan so‘ng ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirib o‘tilgan qaroriga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Agarda fuqaro ushbu yer uchastkasiga qurilish ishlarini amalga oshirmoqchi bo‘lganida Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi tegishli qarori ilovalari bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlarga asosan qurilishga ruxsatnoma, loyiha-smeta hujjatlari, ART hujjat rasmiylashtirilib, qurilish ishlari amalga oshiradi.

Bino va inshootlari mavjud bo‘lmagan yer uchastkalarini bugungi kunda oldi-sotdi qilish imkoniyati mavjud. Buning uchun fuqaro Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 fevraldagi qarorining 1-ilovasiga asosan yer uchastkasini xususiylashtirib, mulk huquqi olganidan so‘ng notarial tartibda amalga oshirishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, kadastr hujjatini rasmiylashtirish yer uchastkasidan to‘liq va xavfsiz foydalanishning yagona yo‘lidir. U fuqaroga ham, tadbirkorga ham huquqiy kafolat, moliyaviy imkoniyat va davlat tomonidan himoya beradi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JaolYwcod0w" title="Nima uchun yer uchastkasiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish muhim?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA