So‘nggi yillarda kinoteatrlar va televizor ekranlarida koreys dramalari o‘zining beqiyos o‘rni va ta’siri bilan ajralib turmoqda. Ayniqsa, o‘smirlar va yoshlar orasida bu janr alohida ommaviylashib, nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki yangi madaniyat va hayot tarzi namunasiga aylangan.
Ushbu ommaviylashuv ko‘plab omillarga bog‘liq bo‘lib, ulardan eng muhimi koreys pop (K-pop), rep san’ati, zamonaviy kiyinish madaniyatining targ‘iboti, shuningdek, dramalarda ochib berilayotgan yoshlar hayoti, sevgi, oila, maktab hamda universitet davridagi voqealar bilan bog‘liq.
Koreys dramalari o‘ziga xos uslubi, dramatik syujeti va estetik jihatdan jozibador ko‘rinishi bilan jahon auditoriyasining e’tiborini qozonmoqda. K-pop yulduzlari va mashhur aktyorlarning ishtirokida yaratilgan seriallar yoshlar orasida moda va hayot tarzi yo‘nalishlarini shakllantiradi. Bu madaniy targ‘ibot musiqa, til va hatto kundalik muloqot shakllarigacha ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu jarayon Janubiy Koreya o‘zining global madaniy brendi sifatida shakllanishiga yordam bermoqda.

Koreys dramalarining o‘ziga xosligi ularning syujetida ko‘pincha yoshlarga qiziqarli bo‘lgan mavzular – sevgi, do‘stlik, oila munosabatlari, maktab va universitetdagi hayot yoritilishi bilan bog‘liq. Bu esa dramalarni ko‘rgan yoshlarning hissiyotlariga yaqin vaziyatni ko‘rish imkoniyatini beradi. Qahramonlarning shaxsiyati va ularning qiyinchiliklari orqali yoshlar o‘z hayotlariga mos o‘rnak topadi.
Koreys dramalarining jahon kino va televideniye maydonidagi muvaffaqiyati nafaqat ularning san’atkorlik darajasi, balki zamonaviy yoshlar hayotining murakkabliklari, hissiy kechinmalari va qadriyatlarini chuqur va jozibador tarzda yoritishi bilan ajralib turadi. Ushbu dramalar yosh tomoshabinlarda o‘zligini topish, hayotiy qiyinchiliklarga bardosh berish, oilaviy munosabatlar va sevgi kabi muhim mavzularni anglashda muhim rol o‘ynaydi. Bu esa ularni oddiy ko‘ngilochar mahsulotdan ko‘ra ko‘proq madaniy ko‘prik, yoshlar hayotidagi ruhiy qo‘llab-quvvatlovchi vosita darajasiga olib chiqadi.

Biroq, bunday ommalashuv bilan keladigan ba’zi kamchiliklarni ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bunda kino-serial qahramonlarining ochiq kiyinishi yoki ba’zi salbiy obrazlardan ideallik modelini yaratish yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, kino va serial yaratuvchilarining jamiyatning ma’naviy qadriyatlari, yoshlarning ruhiy holati va madaniy an’analarini hisobga olgan holda ijod qilishi muhimdir. Chunki kino nafaqat tasvir, balki ta’sir kuchiga ega kommunikatsiya vositasi hisoblanadi.
Janubiy Koreyaning kino va serial sanoati orqali shakllanayotgan madaniy imiji mamlakatning jahon maydonidagi o‘rnini mustahkamlashda ham o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Koreys dramalarining yuksak badiiy darajasi va yoshlar bilan muloqotdagi muvaffaqiyati boshqa davlatlar uchun ham jahon madaniyati va kinematografiyasida raqobatbardosh mahsulot yaratishda yaxshi namuna bo‘la oladi.
O‘zbek kinosi uchun ham bu jarayonlar chuqur ibrat va ilhom manbai bo‘lishi mumkin. Milliy madaniyatimiz, urf-odatlarimiz va zamonaviy dunyo talablarini uyg‘unlashtirib, teran ma’noga ega, ijtimoiy ahamiyatli filmlar yaratish orqali biz nafaqat ichki auditoriyani qoniqtira olamiz, balki xalqaro maydonda ham o‘z o‘rnimizni topishimiz mumkin. Bunda yoshlarning orzu-umidlarini, insoniylik qadriyatlarini yorituvchi kino mahsulotlari yosh avlodni vatanparvarlik va ma’naviyatga yo‘naltiruvchi eng samarali vositalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, kino orqali ijtimoiy muammolar, yoshlar psixologiyasidagi o‘zgarishlar, oila va jamiyatdagi hayot yoritilishi ham o‘zbek kinosining rivojlanishiga yangi nafas olib kiradi. Har bir kino asari tomoshabin qalbida chuqur iz qoldirib, ijobiy fikr-mulohazalar shakllantirishga xizmat qilsa, demak u o‘z maqsadiga erishgan hisoblanadi.
Uuman olganda, xorij kino va seriallari yoshlar va jamiyat hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan kuchli madaniy hodisa sifatida ko‘rib chiqilishi lozim. Ularning muvaffaqiyatidan o‘rganib, o‘z kino san’atimizni yangi bosqichga olib chiqish, milliy qadriyatlarimizni saqlagan holda global maydonda tanilgan kino mahsulotlarini yaratish bugungi kun va kelajak uchun dolzarb vazifa hisoblanadi. Kino nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki jamiyatni tarbiyalovchi, ruhlantiruvchi va ma’naviy uyg‘otuvchi qudratli san’atdir. Shu bois, o‘zbek kinosining ham yanada rivojlanishi va xalqaro maydonda munosib o‘rin olishiga bo‘lgan umid va intilishlarimiz katta.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA