18-19 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sian shahrida Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik anjuman davomida ikki va ko‘p tomonlama ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, o‘zaro savdo va madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida qator kelishuvlar imzolandi. Yakunda “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitini bundan buyon har ikki yilda o‘tkazishga qaror qilindi. Navbatdagi uchrashuv 2025 yil Qozog‘istonda o‘tadi.

Ayni voqealar asnosida mazkur nufuzli tadbir uchun nima sababdan aynan Sian shahri tanlangani yuzasidan turli bahs, munozaralar ko‘tarildi. Ya’ni, ayrim manbalarda “Bir vaqtlar Tan imperiyasi hozirgi Markaziy Osiyo yerlarini bosib olgani, o‘sha davrda poytaxt aynan Sian bo‘lgani, mazkur sammit ushbu shaharda o‘tkazilishi ortida mintaqamiz tarixan Xitoyga tegishliligi g‘oyasi ilgari surilgan” deya talqin qilinmoqda. Ayniqsa, bunday fikrlar ayrim vatandoshlarimiz tomonidan ham bildirilib, bilimi, tafakkuri yetarli bo‘lmagan boshqa millatdoshlarimiz ularga ergashayotgani achinarli.
Bu juda noto‘g‘ri tarixiy-siyosiy talqinning ilmiy isbotini tarix fanlari doktori, professor A.Xo‘jayev xitoy tilidagi manbalarni tarjima qilib, ilmiy muomalaga kiritgan bir qator asarlarda ko‘rish mumkin.
Xitoyshunos olim sifatida men ham yuqoridagi taxmin noo‘rin, deb hisoblayman. Yig‘ilish aynan Sianda o‘tkazilishining bir necha sababi va asosini quyidagi ma’lumotlar yordamida anglash mumkin.
Ko‘pincha yirik xalqaro tuzilmalar doirasidagi tadbirlar muayyan davlatning boy tarixi saqlanib qolgan zaminda yoki o‘tmishda o‘sha o‘lka poytaxti bo‘lgan hududda o‘tkaziladi. Shu nuqtai nazardan qadimiy Sian o‘n uch sulola davridagi Chin poytaxti sifatida mashhur. Miloddan avvalgi IIasrda “Buyuk ipak yo‘li”ga asos solingan. Ipak yo‘li savdogarlari safari aynan shu shahardan boshlangan. Ya’ni, quruqlikdagi savdo karvoni yo‘li Xitoyning Sian shahridan boshlanib, o‘sha davrdagi mashhur Qadimgi Rim imperiyasi hududigacha cho‘zilgan. “G‘arbda Rim bo‘lgani kabi, Sharqda Sian bor” degan ibora bejiz paydo bo‘lmagan.
Xitoy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan, endilikda “Zamonaviy Ipak yo‘li” sifatida dunyoning 60 dan ziyod davlatini qamrab olgan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga o‘zaro madaniy va savdo aloqalarining qayta shakllanishi sifatida alohida urg‘u berilmoqda.
Tarixga nazar solinsa, Sian shahrining gullab-yashnashi aynan Tan hukmronligiga to‘g‘ri keladi. Xitoy xalqining asosiy dini Buddaviylik bo‘lsa-da, mazkur sulola boshqaruvi davrida hududga boshqa dinlar qatori Islom ham kirib kelishi kuzatilgan. Musulmonlar Sianda ko‘pchilik (60 mingga yaqin)ni tashkil etadi. Shaharda jami yetti masjid bo‘lib, eng yirigi Xitoydagi arablar tomonidan qurilgan ilk masjid – Sian Buyuk masjidi hisoblanadi.
Hozirgi kunda Siandan mintaqamiz tomon 17 poyezd yo‘nalishi muntazam harakatlanadi. Markaziy Osiyo va Yevropani ushbu shahar bilan bog‘laydigan «Chan’an» xalqaro yuk tashuv poyezdi O‘zbekiston mahsulotlarini «Shansi» erkin savdo zonasiga tez va qulay yetkazib berishi mumkin. Mazkur yo‘nalishda tez-tez 50 foiz chegirma joriy qilib turiladi. Umuman, Xitoy va Markaziy Osiyoning 70 ga yaqin shahri va viloyati nafaqat savdo-iqtisodiy, balki birodarlik aloqalarini ham o‘rnatgan.
Shu o‘rinda iqtisodiy, siyosiy jihatdan shaharning xalqaro nufuzi qanday, degan savol tug‘ilishi mumkin. Sian Globallashuv va Jahon shaharlari tadqiqot tarmog‘i tomonidan 2020 yil “Beta”, ya’ni “global ikkinchi darajali shahar” deya e’tirof etildi. Shuningdek, Global moliya markazlari indeksida dunyoning eng yaxshi 100 moliya markazi ro‘yxatiga kiritildi.
Zavqibek Mahmudov,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Tarix instituti kichik ilmiy xodimi, xitoyshunos