Surxondaryo viloyatining xushmanzara tog‘lar qo‘ynidagi Sariosiyo tumani go‘zal tabiati, musaffo havosi, zilol suvlari, maftunkor “Sangardak” sharsharasi va boshqa noyob turistik manzillari bilan dunyoga tanilgan.
Tumandagi “Sangardak” sharsharasiga olib boruvchi yo‘lning o‘ng tarafida Nilu, degan qishloq bor. So‘lim bu go‘shaning uylari baland tog‘larga tutashib ketgan. Qishloqdagi 520 dan ortiq oilada 2 ming 500 ga yaqin kishi istiqomat qiladi. Odamlar asosan bog‘dorchilik, chorvachilik va asalarichilik bilan shug‘ullanadi. Tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan buloq suvidan paydo bo‘lgan g‘aroyib hovuz, hali o‘suvchanligini yo‘qotmagan ko‘p asrlik tarixga ega chinor va tut daraxtlari mavjud noyob ziyoratgohi bor. Har biri o‘ziga xos tarixga ega Hasanat g‘ori, chashmai Maland buloq suvlari mavjud. Go‘zal tabiat manzaralari, shifobaxsh giyohlari bilan mashhur. Qishloq erkaklari temirchilikni, xotin-qizlar qadimiy hunarmandlik sir-asrorlarini saqlab qolgan.
Hududning joylashuvi va imkoniyatidan kelib chiqib, mahallaga “Turizm qishlog‘i” maqomini berish, sayyohlikni yanada rivojlantirish belgilandi. Shunga ko‘ra, betakror tabiat manzaralariga boy Hisor o‘rmon xo‘jaligi hududida o‘nga yaqin yengil konstruksiyali ekoturizm maskani barpo etilmoqda. Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun 21 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilindi. Turizm qo‘mitasi mablag‘i hisobidan uch milliard so‘mlik suv saqlash inshooti qurilmoqda. O‘n beshdan ortiq turli xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Telefon aloqasi, mobil internet tubdan yaxshilanayotir. Tijorat banklarining bankomatlari o‘rnatilgan. Ko‘chalarga asfalt yotqizildi. Niluga kelgan sayyohlar endilikda go‘zal tabiat qo‘ynida otda sayr qilishi, shifobaxsh tuya sutidan bahramand bo‘lishi ham mumkin.
Niluga turizm qishlog‘i maqomini berishga bag‘ishlangan tantanali tadbirda turizm qo‘mitasi va Sariosiyo tumani hokimligi mas’ullari, qishloq aholisi, ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.
Tadbirda Nilu mahallasi vohadagi qadimiy qishloq va o‘tmishdagi urf-odatlarini saqlab qolgan ajoyib go‘sha ekani ta’kidlandi. Yoz mavsumi dam oluvchilar va sayyohlar bilan gavjum bo‘layotgani, salqin tabiati, osmono‘par tog‘lari, soylardagi muzdekkina zilol suvi insonga xush kayfiyat ulashishi, bu yerda barpo etilgan sharoitlar, yangi infratuzilmalar uzoq-yaqindan kelguvchi mehmonlarga qator qulayliklarni yaratishi qayd etildi.
Viloyatda to‘rtinchi “Turizm qishlog‘i” maqomi berilayotgan Nilu – havosi toza, tabiati musaffo, degani. Shu yerlik keksalarning aytishicha, qishloq qariyb uch ming yillik tarixga ega. O‘z davrida Mulla Abdukarim oxun Xonjiza tarafdagi Debodom qishlog‘idan kelib, bu yerda jome masjidi bunyod etgan. Masjid hovlisida hovuz, asrlar osha ko‘kka o‘rlayotgan chinor daraxti bor. Suvi qishda iliq, yozda muzdek bo‘ladigan hovuzda shirmoyi baliqlar suzib yuradi. Niluliklar sokin va sirli bu go‘shaning asrlar davomida og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan mo‘’jizakor kechmishi bilan faxrlanadi. Qadimiy qishloqdagi jome masjidining ham, masjid hovlisidagi ikki metrcha chuqurlikdagi hovuz, uning bir tarafida asrlar osha ko‘kka bo‘y cho‘zayotgan osmono‘par chinor daraxtining ham, Hasanat g‘ori va chashmai Maland bulog‘ining ham o‘z tarixi bor. Mahalla oqsoqoli, mehnat faxriysi Muhammadsafo Vafozod hikoya qilib bergan qishloqdagi jome masjidi bilan bog‘liq rivoyat ham insonni chuqur mushohada yuritishga undaydigan voqea-hodisalarga boyligi qadimiy Niluga qiziqishimizni yanada oshirdi.
Ajdodlarimizdan og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan naqllarga ko‘ra, Mulla Abdukarim oxun Niluga kelib, yaqin yillargacha shu joyda o‘sib turgan tut daraxti yeriga ulovining xadacho‘pini qattiq suqib olgach, tut ko‘chati o‘sib chiqqan ekan, – deydi Muhammadsafo Vafozod. – Ikki qator qalin paxsa devordan qurdirgan jome masjid ham o‘ziga xos uslubda barpo etilgan. Uning mehrob tarafidagi devoriga odam bo‘yi balandlikda ikkita ko‘za o‘rnatilgan. Aytishlaricha, o‘z davrida bu ko‘zalar imomning ovozini kuchaytirib, masjidning to‘rt tarafiga amru-ma’ruflarni bir xil tarqatishga xizmat qilgan. Mustaqilligimizning ilk yillarida qishlog‘imizning kelajakda sayyohlar uchun ajoyib maskan bo‘lishiga umid bog‘lab, masjidni qayta qurdik. Chunki, u to‘kilib qolish arafasida edi. Uni qayta barpo etishda o‘sha davrdagi ustunlar va boshqa materiallarini ishlatdik. Afsuski, tabiiy ovoz kuchaytirgich vazifasini o‘tagan ikkita ko‘zani o‘rnatish hech kimning xayoliga kelmagan ekan. Keyin topa olmadik. O‘sha davrda masjidning peshayvoniga o‘rnatilgan ustunlardan biriga “Tojikistonning Hisoridan 1327 yil olib kelinib, usto Jalol G‘olibiddin ibn ustod Muhammadi Olimxon o‘rnatgan”, yana biroviga “1344 yil usto Abduhalil ibn usto Muhammad Rajabiy Najjor o‘rnatgan”, degan yozuvlar bitilgan. Bu milodiy 1706-1723 yillarga to‘g‘ri keladi. Masjid hovlisidagi chinor daraxtining ham o‘z tarixi bor.
[gallery-24386]
Nilu – havosi toza, tabiati musaffo qishloq, degani. Bu go‘shaga yoz va kuzda, qish va bahorda kelsangiz ham har faslning o‘ziga xos go‘zal tabiati, shirinsuxan va mehmondo‘st odamlari hayratingizni oshiradi. Keksa avlod vakillari bir-biridan qiziq hikoyalarini baham ko‘radi. Sarxil mevalar, shifobaxsh asal va boshqa tabiiy noz-ne’matlar bilan siylaydi. O‘tmishdagi ajdodlaridan meros qolgan hunarmandchilikni e’zozlab kelayotgan temirchi ustalarning turli nafis buyumlari, qo‘li gul xotin-qizlarning bejirim kashtayu, so‘zanalari qalbingizga o‘zgacha zavq ulashadi.
Tantanali tadbirda turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyozov mahalla raisi Abduhoshim Ahmedovga Niluga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgani to‘g‘risidagi sertifikatni topshirdi. Mehmonlar turizm qishlog‘ida barpo etiladigan taqdimotlar bilan tanishdi. Qadimiy Nilu qishlog‘i, Sangardak mahallasidagi “Sangardak” sharsharasi hamda Xonjiza qishlog‘iga press-tur tashkil etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri