“Xalqaro minbar” loyihasida navbatdagi mehmonimiz – Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC, Jahon banki guruhi) O‘zbekiston va Turkmaniston bo‘yicha mintaqaviy menejeri Nil Makkeyn.
Toshkentda faoliyat yurituvchi Nil Makkeyn ikki mamlakatda xususiy sektorni rivojlantirish, barqaror, inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha strategik va operatsion sa’y-harakatlarga rahbarlik qiladi. Tashkilotning investitsiya va maslahat dasturlarini turli sohalarda kengaytirish, mijoz, hamkor va hukumat vakillari bilan munosabatni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni boshqaradi.
Buyuk Britaniya fuqaroligiga va 20 yillik tajribaga ega bu mutaxassis ushbu lavozimga tayinlanishdan oldin Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)da amaliyot bo‘yicha vitse-prezident maslahatchisi, avvalroq bankning Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bo‘yicha mintaqaviy rahbari edi. Shuningdek, Kaspiy dengizi havzasi va Markaziy Osiyo mintaqalarida 14 yil mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Xalqaro moliya korporatsiyasi Jahon banki guruhi a’zosi sifatida rivojlanayotgan bozorlarda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlaydigan eng yirik global rivojlanish institutidir. Tashkilot 100 dan ziyod mamlakatda faoliyat yuritadi, rivojlanayotgan mamlakatlarda bozor va imkoniyat yaratish uchun kapital, tajriba va ta’sirdan foydalanadi. IFC 2023 moliya yilida o‘ta qashshoqlikka barham berish, iqtisodiyot chuqurlashib borayotgan, global inqirozni yengish uchun kurash kechayotgan bir davrda umumiy farovonlikni yaxshilash uchun, xususiy sektor kuchiga tayangan holda, xususiy kompaniya va moliya institutlariga rekord darajadagi 43,7 milliard dollar mablag‘ ajratdi.
– Qayta tiklanadigan energiya manbalari beqaror bo‘lgani uchun energiyani saqlash bo‘yicha samarali yechimlar ishlab chiqilishi O‘zbekistonda barqaror energiya ta’minoti kaliti bo‘lishi mumkin, – deydi Nil Makkeyn. – Respublika boshqa ko‘plab davlatlar qatori qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish yo‘lida ko‘plab to‘siqlarga duch kelmoqda. Ulkan tabiiy gaz zaxirasiga ega bu mamlakat iqtisodiyoti qazib olinadigan yonilg‘iga uzviy bog‘liq. Bu jarayonda iqtisodiy va siyosiy omillar, xususan jamoatchilikni qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya afzalligi haqida xabardorlikni oshirish talab qilinadi. Quyosh elektr stansiyalari, shamol turbinalari va yangilangan elektr tarmog‘i kabi zarur infratuzilma barpo etish uchun mislsiz sarmoya, vaqt va texnik tajriba zarur. Qolaversa, zarur kapitalni to‘plash ham qiyin, chunki ko‘pincha daromaddan oldingi salmoqli dastlabki xarajat uzoq muddatli investitsiyani ham o‘z ichiga oladi. Bunday ko‘p qirrali muammolarni hal qilish hukumat, xususiy sektor va xalqaro hamkorlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatini taqozo etadi.
Mamlakatingiz o‘sib borayotgan energiya ehtiyojini qondirish, toza energiya iqtisodiyotiga o‘tish uchun yaxshi sharoitga ega. Qayta tiklanadigan energiya manbalari energiya aralashmasini diversifikatsiya qilish va tabiiy gazga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi. Hukumat 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalarining elektr ishlab chiqarishdagi ulushini 25 GVt yoki mamlakatdagi umumiy iste’mol miqdorining 40 foiziga yetkazishni maqsad qilgan. Bu chora toza energiyaga o‘tishni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyot va fuqarolar talabini qondirishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan Jahon banki guruhi xususiy sektor sarmoyasini jalb qilish orqali O‘zbekistonga 1000 MVt quyosh va 500 MVt shamol energiyasini rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.
IFC rivojlanayotgan bozorlarda qayta tiklanadigan energiya manbalarini qo‘llab-quvvatlashga doim sodiq va O‘zbekiston bu borada asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Korporatsiya konsalting, quyosh energiyasi loyihalarini moliyalashtirish singari bir necha tashabbusda ishtirok etadi. Masalan, Navoiy viloyatida 31 ming xonadon ehtiyojini qoplaydigan quyosh elektr stansiyasi O‘zbekiston hukumati va BAA “Masdar” kompaniyasi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik doirasida yo‘lga qo‘yilgan. Tranzaksiya bo‘yicha maslahatchi sifatida IFC hukumatga “Scaling Solar” – Quyosh energiyasini masshtablash tenderini ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam berdi. Bu mamlakat uchun qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish yo‘lida muhim tarixiy nuqta bo‘ldi.
Корпорaция boshqa kreditorlar bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida “Masdar” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan yana bir ob’ekt – 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi qurilishini qo‘llab-quvvatlash uchun ham moliya manbasini taqdim etgan. 500 000 uyni tok bilan ta’minlashga qodir ushbu majmua Markaziy Osiyodagi eng yirik muqobil ob’ekt, IFC homiylik qilgan eng yirik shamol stansiyasidir.
Davlat va xususiy sektordagi hamkorlarimiz bilan birga hozir binolarni isitish va sovutish uchun sayoz geotermal energiyadan foydalanish imkoniyatini o‘rganyapmiz. Mazkur tashabbus odatiy afzallikdan tashqari elektr tarmog‘idagi yukni yengillashtirishga ham hissa qo‘shadi. Ayni payt litsenziya va ruxsat olish, shuningdek issiqlik so‘rg‘ichini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish va tarqatish jarayoni o‘rganilyapti. Bundan tashqari investitsiyani rag‘batlantirish, yer usti geotermal loyihalarini keng ko‘lamda ishlab chiqish va amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro moliya korporatsiyasiнинг O‘zbekistondagi davlat-xususiy sheriklikka asoslangan maslahat xizmatining joriy to‘plami turli bosqichda rivojlanayotgan loyihalarni jamlab, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarini qamrab olgan. Kutilayotgan safarbarlikning umumiy miqdori qariyb 700 million dollarni tashkil etadi. IFC energetika va sog‘liqni saqlash sohalariga oid, taxminan 1,8 milliard dollarlik bir necha g‘oyani hayotga tatbiq etib bo‘ldi.
Mamlakatda amalga oshirish imkoni mavjud ishlar hali ko‘p. Hozirgacha DXSH loyihalarimiz energiya ishlab chiqarish, kommunal xizmat, sog‘liqni saqlash sohalariga kirib bordi. Endi hukumat bilan ta’lim, irrigatsiya, transport, suv ta’minoti va oqava suv kabi boshqa muhim tarmoqlarni ham ko‘rib chiqa boshlaymiz. Bu sektorlar ko‘p yildan buyon investitsiya, suboptimal foydalanish, texnik xizmat ko‘rsatish, shuningdek urbanizatsiyaning yuqori sur’atiga doir muammolar bilan kurashmoqda. Binobarin, biz DXSH ayni yo‘nalishlarga samarali investitsiya va xususiy sektor tajribasini jalb qila olishiga ishonamiz. Bu jarayonda, jumladan, DXSH tizimini loyihalash, tuzilmalash va amalga oshirishga e’tibor qaratiladi.
Quyosh energetikasi sohasidagi yana bir muhim yangilik akkumulyator energiyasini saqlash tizimlari integratsiyasidir. Quyosh energiyasining uzluksiz tabiatini namoyon qiladigan bunday tizimlar oftob eng yuqori soatlarda to‘plangan ortiqcha energiyani saqlaydi va energiyadan yuqori talab davrida foydalanish imkonini beradi. Natijada nafaqat barqaror elektr ta’minotiga erishiladi, balki quyosh elektr stansiyalari samaradorligi oshadi. Batareya energiyasini saqlash bozori hozir rivojlanishning burilish nuqtasida. Vaqt o‘tishi bilan narx va texnologiya yanada qulay bo‘lishi kutilyapti.
O‘zbekistonda quyosh elektr stansiyasi bilan innovatsion akkumulyator batareyasidan foydalanish hamon yangi usul hisoblanadi va bu boradagi salohiyat yuqori. Akkumulyator milliy elektr tarmog‘ini barqarorlashtirish, qazib olinadigan yonilg‘iga qaramlikni kamaytirish va chekka hududlarni yanada ishonchli energiya bilan ta’minlashga hissa qo‘shadi. Shuningdek, issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish orqali yanada barqaror tizimga o‘tish maqsadiga xizmat qiladi. Shu sababli energiya saqlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlash respublika uchun strategik yo‘nalish sifatida qayta tiklanadigan energiya manbalari ko‘lamini kengaytiradi. IFC energetika sohasiga texnologiya joriy etish orqali qayta tiklanadigan energiyaga talabni oshirish, energiya xavfsizligini kuchaytirish, tarmoq barqarorligiga erishish va energiyadan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Hukumat ijobiy o‘zgarishlarni yuqori darajada qo‘llab-quvvatlamoqda, chet el investitsiyasini jalb qilish va energiya bozorini liberallashtirish bo‘yicha islohotni jadallashtirmoqda. Mamlakatda qayta tiklanadigan energiya manbalariga sarmoya kiritish uchun qulay shart-sharoit yaratmoqda. Loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Zero, mamlakatning strategik joylashuvi va boy tabiiy resurslari nafaqat ichki ehtiyojni qondirish, balki kelajakda toza energiyani eksport qilish imkonini beradi. Biz boshqa investorlarni ham O‘zbekistondagi imkoniyatlarni o‘rganish va qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan bog‘liq loyihalarga hissa qo‘shishga undaymiz.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA