Nikolay Mogileves: Toshkent – qahramon shaharlar qatoriga qoʻshilishga loyiq
Gʻalabaning 75 yilligi xalqlarimizning urush yillarida koʻrsatgan bemisl jasorati va matonatiga munosib tarzda katta tantana qilindi.
Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi Yer yuzidagi koʻplab mamlakatlarda, jumladan, Belarus Respublikasida ham keng nishonlandi. Insoniyat tarixidagi eng mudhish muhoraba boʻlgan bu urush keltirgan kulfatlar hali hanuz odamlarning yodidan koʻtarilgani yoʻq. Bu urushda millionlab insonlar qurbon boʻldi, unda qatnashgan mamlakatlar behisob vayronagarchilik va qahatchilikka yuz tutdi. Shu bois Gʻalabaning 75 yilligi xalqlarimizning urush yillarida koʻrsatgan bemisl jasorati va matonatiga munosib tarzda katta tantana qilindi.
Kecha yangiliklar kanali orqali serquyosh Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda ushbu shonli sanaga bagʻishlab Gʻalaba bogʻi meʼmoriy majmuasi va “Shon-sharaf” muzeyi ochilganidan xabardor boʻldim. Bilasizmi, bu xushxabarni eshitib, oʻzbek xalqining farzandlari urush yillarida qanday ulkan jasorat va mardlik koʻrsatgan boʻlsa, Gʻalabaning 75 yilligi ham Oʻzbekistonda ajdodlaringizning qahramonligi va fidoyiligiga munosib tarzda tantana qilinganidan quvondim.
Oʻzbekiston, oʻzbek xalqi nafaqat Ikkinchi jahon urushi frontlarida qahramonlik bilan jang qildi, balki sobiq ittifoq armiyasini qurol-yarogʻ, oʻq-dori, kiyim-kechak va oziq-ovqatlar bilan taʼminlab, Gʻalabani yaqinlashtirishga ulkan hissa qoʻshdi.
Va bular hammasi emas. Oʻzbek oilalarijanggohlardan evakuatsiya qilingan koʻplab qariyalar, ayollar va bolalarga boshpana berdi, soʻnggi burda nonini ham ular bilan birga baham koʻrdi. Buning uchun xalqingizga cheksiz hurmat va taʼzimdaman.
Endilikda xalqingizning urush yillaridagi bu jasorati, fidoyiligi va matonati Gʻalaba bogʻi majmuasi va u yerdagi “Shon-sharaf” muzeyida saqlanadi. Fursatdan foydalanib, soʻzim soʻnggida oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi ulkan qahramonligi va jasoratini inobatga olib, Toshkentni qahramon shaharlar qatoriga qoʻshishni taklif qilaman.
Nikolay MOGILEVES,
isteʼfodagi kapitan.
Minsk shahri