Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nikolay Ilin: “Hayot go‘zal bag‘oyat”
11:35 / 2025-10-20

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob

Iste’doli shoir, yozuvchi, tarjimon, “Do‘stlik” ordeni sohibi Nikolay Ilinning “Hayot go‘zal g‘oyat” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.

Kitobdan adibning  she’rlari, hikoyalari, hayotiy latifalari hamda adabiy-tanqidiy maqolalari joy olgan.

Nikolay Ilin ijodida sharqona ruh ustuvor. Uning she’r va hikoyalarida o‘zbekona hayot, yurtimiz manzaralari, uning tobora o‘zgarib borayotgan bugungi kunlari g‘oyat go‘zal, samimiy tasvirlanadi.

Kitob bilan tanishib borarkansiz, shoir-adib qalbida o‘zbek xalqiga, O‘zbekistonga bo‘lgan katta meh-muhabbat borligini his qilib turasiz.

U Toshkent bog‘ va xiyobonlari, Samarqand obidalari haqida mehr bilan yozadi. O‘zbek xalqining milliy urf-odatlari, o‘ziga xosligi, xalqimizdagi bag‘rikenglik, do‘stga bo‘lgan sadoqat, oqibatni ulug‘laydi.

 

Minorlari gul novdasidek,

Gumbazlari g‘unchadek diyor.

Turkiy so‘z ranglarin shoirlar

Kashf aylagay bu yurtda bisyor.

 

Ko‘z qamashar charag‘on nurdan,

Ko‘kka kashta solar yulduzlar.

Erib ketar issiq mehrdan,

Yurakka naqsh etilgan so‘zlar.

 

Kengliklarda terlab piyoda,

Ufqqa yonboshlarkan olib tin...

Saxiy oftob sochar ziyoda

Daraxtlarning boshidan oltin.

 

Bunda mehr, bunda muhabbat,

Bu diyorda baxtga eltar yo‘l.

Bunda hayot go‘zal bag‘oyat,

Umr ko‘rdim juda uzoq, mo‘l... 

– O‘tgan asrning 70-yillarini, universitetdagi harbiy yig‘inlarni eslayman. Shunda bo‘lajak o‘zbek va rus filologlari birga to‘planardik, deya xotirlaydi shoir. –  Faol muloqotda bo‘lardik. Biz ularga Aleksandr Faynberg she’rlarini o‘qirdik, ular esa Abdulla Oripov she’rlarini o‘qishardi, shundan beri “O‘zbekiston, vatanim manim” she’riy naqorati hayotimning ham naqorati bo‘lib qoldi. O‘shanda men bu shoir madaniyatimiz uchun qanchalik qadrli, ushbu hamohang so‘zlar ortidagi mazmun menga qalban muhim bo‘lib qolishini, bu satrlar dilimda ko‘p narsalarni ifoda etishini botinan his qilgandim. O‘sha paytda men vaqti kelib Abdulla Oripov she’rlarining tarjimonlaridan biri bo‘lib qolishimni, uning adabiyot borasidagi fikrlarini, mening tarjimalarimga doir mulohazalarini tinglashimni tasavvur ham qilolmagandim, deb yozadi minnatdorlik bilan Nikolay Ilin.

Qalbi, ruhi o‘zbek, yozganlari yurakka  yaqin – hamohang bo‘lgan Nikolay Ilinning “Hayot go‘zal bag‘oyat” kitobini, albatta, o‘qing...

A.Narzulloyev, O‘zA