Esimda, nikohdan oldin bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tish masalasiga jiddiy yondashgan edik.
Biz bilan bir paytda to‘yi bo‘lgan dugonalarim ham bor ediki, negadir ularning ba’zilari nikohdan oldingi tibbiy ko‘rikka xayrixohlik bildirishmagandi... Ammo keyinroq, bu kabi yondashuv to‘g‘ri emasligini aytib, afsuslanganlari ham bo‘ldi.
Nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik o‘ta muhim sanalib, ikki inson salomatligidagi nuqsonlarni erta aniqlash va o‘z vaqtida oldini olishda asqatadi. Shuningdek, oila mustahkamligi, tug‘ilajak farzandlar taqdiri ham qaysidir ma’noda mazkur masalaga borib taqaladi. Ana shularni inobatga olgan holda nikohdan oldingi tibbiy ko‘rik jarayonlari optimallashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga ko‘ra, endilikda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda FHDYO organlari bilan tibbiyot muassasalari, xususan, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar o‘rtasida nikohlanuvchilarning yagona avtomatlashtirilgan elektron bazasini shakllantirish yuklatilgan.
Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori Shahnoza Zufarovaning SSV Matbuot xizmati bilan suhbatda ta’kidlashicha, shu tarzda FHDYO organlari bilan tibbiyot muassasalari o‘rtasida integratsion axborot tizimini yaratiladi.
– Natijada inson omili kamayishga erishiladi hamda natijalarni soxtalashtirishning oldi olinadi, – deydi Sh.Zufarova. – Shifokorni erkin tanlash imkoniyati paydo bo‘ladi va yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Shuningdek, sifat va samaradorlik oshib, tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonidagi vaqt tejaladi. Ish tajribamiz davomida bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar tibbiy ko‘rikdan o‘tmaslikka harakat qilish holatlari ham uchrab turadi. Ko‘pincha bunga o‘z salomatligiga bo‘lgan haddan ortiq ishonch sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘z huquqlarini bilmasligi, tibbiy xizmatlarning bepul ekanidan xabarsizligi ham asosiy sabablardan. Bunday e’tiborsizlik natijasida nosog‘lom farzandlar dunyoga kelish ehtimoli ortadi. Tibbiy ko‘rik nafaqat bo‘lajak avlodni sog‘lom dunyoga keltirish uchun, balki yoshlar orasida uchrab turadigan irsiy kasalliklarning ham oldi olinishiga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA