English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti va ajrimlarning oldini olish
16:06 / 2022-02-24

Har bir insonning hayoti tug‘ilganidan umrining oxirigacha oila davrasida kechadi. Oila esa, albatta, nikoh tuzilganidan so‘ng vujudga keladi. Ko‘plab holatlarda fuqarolardan oilaviy mojarolar, aliment masalasi, shuningdek, ajralish holatlaridagi mulkiy nizolar xususida xat va arizalar kelib tushadi.

Ularni tahlil qilar ekanmiz, bu holatlar oilaviy muhit, fuqarolarning o‘z huquq va majburiyatlarini bilmasliklari oqibatida kelib chiqayotganiga amin bo‘lamiz. Mamlakatimiz qonunchiligida nikoh tuzish shartlari, tartibi, nikoh shartnomasi va uni o‘zgartirish, bekor qilish omillari belgilab qo‘yilgan.

Quyida mazkur munosabatlar haqida batafsilroq ma’lumot berishni lozim topdik.

Dastavval...

Oila - insonning hayoti, faoliyati, bir so‘z bilan aytganda, butun umri chambarchas bog‘liq holda kechadigan mo‘’tabar maskan. Mamlakatimizning yuzdan ziyod qonun va qonunosti hujjatlarida oila manfaati va uning himoyasini mustahkamlash nazarda tutilgan. Jumladan, 1998 yilda qabul qilingan Oila kodeksida nikoh tuzish yoki nikohning tugatilishi, mulkiy, bolalarning nasl-nasabini belgilash, aliment majburiyatlari, tug‘ilishni, nikoh tuzilganligi, o‘limni qayd etish, familiya, ism, ota ismini o‘zgartirish kabi munosabatlar tartibga solingan.

Oliy sud Plenumining 2011 yil 20 iyuldagi “Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 6-son Qarorida sudlar oilani mustahkamlashga qaratilgan barcha choralarni ko‘rishlari lozimligi ta’kidlangan.

Oilaviy munosabatlarni tartibga solish erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi, er va xotinning shaxsiy hamda mulkiy huquqlari tengligi, ichki oilaviy masalalarning o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal qilinishi, oilada bolalar tarbiyasi, ularning farovon hayot kechirishi va kamoloti haqida g‘amxo‘rlik qilish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz oila a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi tamoyillari asosida amalga oshiriladi.

Haqiqatan, oila - muqaddas dargoh. Tabiiyki, bu mezon nikohning aziz tushuncha ekanini ko‘rsatadi.

Nikoh tuzish shartlari

Nikoh - erkak va ayolning oila tuzish maqsadidagi ixtiyoriy va teng huquqli ittifoqi. U er-xotinning o‘zaro huquq va burchlarini vujudga keltiradi.

Mamlakatimizda har yili 250 mingdan ziyod nikoh tuziladi. Ularni tuzishda majburiy tusdagi muayyan yuridik rasmiyatchiliklarga rioya qilish talab etiladi.

Nikoh tuzish uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak:

- nikohga kirayotgan shaxslarning o‘zaro roziligi. Bunda nikoh tuzishga biror shaxs tomonidan majbur qilish taqiqlanadi;

- qonunda belgilangan yoshga yetish erkaklar va ayollar uchun - 18 yosh etib belgilanadi, biroq uzrli sabablar bo‘lganida tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin (O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi, 15-modda).

Quyidagi hollarda nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi:

- loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida;

- nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida;

- farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida. Ularning huquqiy munosabatlari ota-onalar bilan farzandlar o‘rtasidagi munosabatlar ko‘rinishida quriladi;

- loaqal bittasi ruhiyat buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqliy zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida.

Tug‘ishgan munosabatlari bo‘lgan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. Er-xotin qarindosh sanalmaydi, chunki ular orasida tug‘ishgan munosabat mavjud emas.

Nasl-nasab bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlarga bittasi ikkinchisidan tug‘ilganlari kiradi (farzandlar, ota-onalar, nevaralar, bobo, buvi va boshqalar). Tug‘ishgan aka-ukalar va opa-singillar bitta ota-onaga, o‘gay aka-ukalar va opa-singillar esa bitta ota yoki bitta onaga ega. Bunda bitta onadan tug‘ilgan bolalar tug‘ishgan, bitta otadan tug‘ilgan bolalar esa qondosh farzandlar deb ataladi. Qonunda aka-ukalar va opa-singillar huquqiy holatida bunday belgi bo‘yicha biror farq belgilanmaydi.

Nikoh tuzish tartibi

Qonunda nikoh tuzishning tartibi belgilangan. Oila tuzishga qaror qilgan shaxslar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish (FHDYO) organlariga ariza beradi. Nikoh ariza berilganidan keyin bir oy o‘tgach, nikohdan o‘tayotgan shaxslarning bevosita ishtirokida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Vakil orqali nikoh tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Nikoh FHDYO organlarida qayd qilinmaganda nikohga kiruvchilar o‘rtasida huquqiy munosabatlar yuzaga kelmaydi.

Necha yoshgacha nikohga kirish mumkinligi qonun tomonidan chegaralanmaydi.

Nikohda tibbiy ko‘rik

Nikohdan o‘tayotgan yoshlarimiz qonunda belgilangan tartib va qoida asosida nikohdan oldin belgilangan shartlarni amalga oshiradilar.

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 25 avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan turmush qurayotgan yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy qilib belgilangan. Nikohlanuvchi shaxslar davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalarida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Ellik yoshdan oshgan nikohlanuvchi shaxslar homiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqa hollar mavjud bo‘lganda tibbiy ko‘rikdan o‘z roziligi bilan o‘tkaziladi.

Hozirgi kunda fuqarolarimiz tomonidan faqatgina shar’iy nikoh bilan oila qurib yashab kelayotganlar ham yo‘q emas. Ular ko‘pincha tibbiy tekshiruvsiz, bir-birlarining sog‘lig‘i haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasdan oila qurishmoqda. Bu bilan ular bilib-bilmay o‘zlari va dunyoga kelajak farzandlarining sog‘lig‘ini xatarga qo‘yishadi. Misol uchun, 2010 yilda fuqaro N. va Sh.lar tibbiy ko‘rik natijasi va kelinning homiladorligi haqidagi ma’lumotnomani taqdim etib, nikohlarini shu kunning o‘zida qayd qilishni so‘rashgan. Tibbiy ko‘rik natijalari o‘rganilganda, kuyov ruhiy kasalliklar dispanserida hisobda turishi aniqlangan. Lekin ularning o‘zaro roziligi, kelinning homiladorligi bois nikoh qayd qilingan.

Bu kabi holatlarning oldini olish uchun diniy idora xodimlari tomonidan shar’iy nikoh o‘qilishidan avval ularning nikoh guvohnomalarini talab qilishlari maqsadga muvofiqdir.

Nikohda mulkiy huquqlar

Er-xotinlar orasida shaxsiy huquq va majburiyatlar bilan birga mulkiy tusdagi huquq munosabatlari ham vujudga keladi. Shubhasiz, ular o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi, chunki mulk - oila farovonligining iqtisodiy asosi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi (5-bob) er-xotinlar mulkiy huquq va majburiyatlarini ikki asosiy tamoyildan kelib chiqib belgilaydi:

- er va xotinning nikohga qadar o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulki ularning har birining o‘z mulki hisoblanadi;

- er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulklari, shuningdek, nikoh qayd etilguniga qadar, bo‘lajak er-xotinning umumiy mablag‘lari hisobiga olingan mol-mulklari ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi.

Gap shundaki, nikoh tuzilayotgan paytda qiziqishlar, his-tuyg‘ular, o‘zaro bog‘liqlikka asoslangan yangi ittifoq vujudga keladi. Er-xotinning hayoti “nikohga qadar” va “nikoh paytida” deb nomlangan ikki bosqichga bo‘linadi, zero, nikoh ittifoqining tuzilishi er-xotin o‘zaro mulkiy munosabatlarida ham ko‘zga tashlanadi. Shunday qilib, nikoh tuzilguniga qadar ulardan birining shaxsiy avtomobili bo‘lgan bo‘lsa, u tegishli kishining mulki bo‘lib qolaveradi; agar er-xotin nikoh tuzilganidan keyin qonunda belgilangan tartibda yana bir avtomobil xarid qilishsa, u ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi, ya’ni er-xotin birgalikda avtomobilga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf qiladi.

Nikoh shartnomasi

Er-xotin o‘z munosabatlarini muhabbat va hurmat asosida qurishsa, mol-mulk bilan bog‘liq masalalar nizolarsiz hal qilinadi. Agar oila buzilayotgan yoki buzilgan bo‘lsa, qator muammolar vujudga keladi. Bunday hollarda mulkiy huquq munosabatlarini qat’iy huquqiy tartibga solish zarur.

Er-xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari mohiyatini aniqlash uchun nikoh shartnomasi tuziladi.

Nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi hisoblanadi (O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi, 29-modda).

Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingunga qadar ham, shuningdek, nikoh davrida ham tuzilishi mumkin. Nikoh shartnomasi nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi, u yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanadi.

Nikoh shartnomasining mazmuni

Er-xotin nikoh shartnomasini tuzishda:

- birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirish;

- er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatish;

- o‘zaro moddiy ta’minot berish, oila xarajatlarini ko‘tarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va xotinning har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga va hokazolarga haqli.

Nikoh shartnomasini o‘zgartirish va bekor qilish

Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq er-xotindan birining talabi bilan u sud tartibida o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno.

Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi (O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi, 32-modda).

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, nikoh muqaddas, u har bir kishining kelajagini belgilaydigan muhim va mas’uliyatli marosim. Bir donishmand aytganidek, nikohdan o‘tish majburiy emas, lekin undan o‘tdingmi, uning qonun-qoidalariga rioya etish majburiy. Nikohdan o‘tishning o‘z mas’uliyati va majburiyati bor, albatta. Zero, nikohning qonun-qoidalariga so‘zsiz bo‘ysunish, hayotning og‘ir va yengiliga doimo tayyor bo‘lish, turmush sinovlarini sabot va matonat bilan yengish oilaviy baxt kalitidir.

Zafar Sultanov, Xorazm viloyat sudining fuqarolik ishlshari bo‘yicha sudyasi