Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nikohdan ajratish – oson ish emas
11:40 / 2022-03-01

Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini.

Bosh Qomusimizda ham oila davlat tomonidan himoya qilinishi kafolatlanganligi to‘g‘risidagi normalarning mavjudligi nikoh-oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishda sudlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Sudlar oila to‘g‘risidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqib, qonunda nazarda tutilgan – oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha choralarni ko‘rishi lozim. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 37-moddasiga muvofiq nikoh er-xotindan birining vafoti yoki ulardan biri sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida tugaydi. Er va xotin hayotligida nikoh ulardan biri yoki har ikkalasining arizasiga ko‘ra nikohdan ajratish yo‘li bilan tugatilishi mumkin. Zarur hollarda, agar buni muomalaga layoqatsiz er yoki xotin manfaatlari himoyasi taqozo etsa, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza uning vasiysi tomonidan berilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 42-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmagan umumiy bolalari bo‘lmagan er-xotinning o‘zaro roziligi bo‘lgan taqdirda nikohdan ajratish fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida amalga oshiriladi, er-xotin o‘rtasida mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish yoki umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Oila kodeksining 43-moddasiga muvofiq, nikohdan ajratish er-xotindan birining arizasi bo‘yicha, ular o‘rtasida voyaga yetmagan umumiy bolalar borligidan qat’i nazar, FHDYO organlarida amalga oshiriladi, agar er-xotindan biri sud tomonidan: bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa, ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, sodir qilgan jinoyati uchun uch yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa.

Qayd etilgan asoslardan birortasi mavjud bo‘lganda FHDYO organi nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talabni rad etishga haqli emas. Er-xotin o‘rtasida bolalar to‘g‘risida, mehnatga layoqatsiz muhtoj er yoki xotinga moddiy ta’minot berish yoki umumiy mol-mulkni bo‘lish to‘g‘risida nizo mavjud bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Shuningdek, kodeksda belgilangan nikohdan FHDYO organlarida ajratish tartibi spirtli ichimliklar, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalarni suiiste’mol qilishi oqibatida muomala layoqati cheklangan shaxslar bilan nikohdan ajratish hollariga tatbiq etilmaydi. Bunday shaxslarga nisbatan berilgan yoki bunday shaxslar tomonidan berilgan da’volar bo‘yicha nikohdan ajratish sud tartibida amalga oshiriladi. Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo arizasini qabul qilishda shuni inobatga olish lozimki, Oila kodeksining 39-moddasiga muvofiq er xotinining roziligisiz uning homiladorligi vaqtida va bola tug‘ilganidan so‘ng bir yil mobaynida nikohdan ajratish to‘g‘risida ish qo‘zg‘atishga, garchi u tug‘ilish to‘g‘risidagi yozuvlar daftarida bolaning otasi sifatida yozilmagan bo‘lsa ham, haqli emas. Mazkur qoida bola o‘lik tug‘ilgan yoki bir yoshga to‘lmay vafot etgan hollarda ham tatbiq etiladi.

Nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizasining ko‘rmasdan qoldirilishi, agar Oila kodeksining 39-moddasida ko‘rsatilgan holatlar barham topgan bo‘lsa, takroriy ravishda sudga nikohdan ajratish haqida da’vo arizasi bilan murojaat qilishga to‘sqinlik qilmaydi.

Ammo Kodeksning 39-moddasida ko‘rsatilgan holatlar mavjudligi nikohdan ajratish to‘g‘risidagi da’vo xotin tomonidan qo‘zg‘atilishiga to‘sqinlik qilmaydi.

Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi arizani qabul qilgach, sudya har bir ish bo‘yicha uni FPK 21-bobida nazarda tutilgan tartibda sudda ko‘rishga tayyorlashi shart. Jumladan, ishni sudda ko‘rishga tayyorlash tartibida, qoida tariqasida, ikkinchi tarafni chaqirishi, uning arizaga nisbatan munosabatini aniqlashi kerak. Shu maqsadlarda sudya taraflar bilan oilani saqlab qolish masalasida suhbat o‘tkazadi. Sudya, shuningdek er-xotin o‘rtasida nikohdan ajratish da’vosi bilan bir vaqtda hal qilinishi lozim bo‘lgan boshqa nizolar bor-yo‘qligini aniqlaydi, taraflarga voyaga yetmagan bolalari ta’minoti uchun buyruq tartibida aliment undirish huquqini tushuntiradi, ishning ko‘rilishi uchun ahamiyatga molik boshqa masalalarni aniqlaydi.

Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda er-xotin sudga nikohdan ajratilgandan keyin voyaga yetmagan bolalar ulardan qaysi biri bilan yashashi, voyaga yetmagan bolalar va (yoki) mehnatga layoqatsiz muhtoj er(xotin)ga ta’minot berish uchun mablag‘ to‘lash tartibi va miqdori, er-xotinning umumiy mol-mulkini bo‘lish to‘g‘risida kelishuv taqdim etishi mumkin.

Bunday kelishuv mavjud bo‘lmagan yoki mazkur masalalar yuzasidan er-xotin o‘rtasida nizo bo‘lgan hollarda ular nikohdan ajratish to‘g‘risidagi talab bilan bir vaqtda mazmunan ko‘rib chiqiladi.

Nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda sud oilani saqlab qolish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim. Shu maqsadda, sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligini tasdiqlovchi holatlar – bolalar borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi munosabatlarning xususiyatlari, vaqtinchalik kelishmovchilik aniqlanganda, sud har ikkala tarafning yoki ulardan birining iltimosiga binoan yoxud o‘z tashabbusi bilan nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ish ko‘rilishini keyinga qoldirishga va yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Bunda muhlat uch oydan kam bo‘lishi samarasiz hisoblanadi. Er-xotinni yarashtirish maqsadida olti oylik muhlat ichida ishning ko‘rilishi bir necha marta keyinga qoldirilishi mumkin. Undan tashqari er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlangan taqdirda, sud uch kundan kechiktirmasdan er-xotinning birgalikdagi yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, ularning har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini yozma ravishda (taraflarning familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili, telefon raqamlari ko‘rsatilgan tegishli xat bilan) xabardor qilishi lozim.

Ayni vaqtda, er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlash haqidagi ajrimning ko‘chirma nusxasi sud tomonidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining tegishli tuman bo‘limlariga yuborilishi lozim.

Turmushda ixtilof va tashvishlar, qiyinchilik va yetishmovchiliklar, musibat va g‘am-anduhlar bo‘ladi. Ammo bizning jamiyatimiz, mentalitetimiz, azaliy qadriyatlarimizda oilani saqlab qolish uchun barcha mas’ul bo‘lgan. Bu qonunlarimizda ham aks etgan. Sudyalar bu jarayonda oilaviy nizolar, o‘zaro kelishmovchiliklar, ajralishlar farzandlar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini hisobga olgan holda imkon qadar turmushning parokanda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi. Zero, oila jamiyatning kichik bo‘lsa-da, muhim qo‘rg‘onidir.

Shoira Ermetova,

Toshkent viloyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha 

Chirchiq tumanlararo sudi sudyasi.

O‘zA