So‘nggi vaqtlarda o‘zaro kelishmovchilik sababli nikohdan ajrashayotgan taraflarning nizolari uy-joy masalasidan iborat bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, ota-onasining uyiga arazlab ketib qolgan yosh kelinchaklar qaytib kelishni istasalar ham kelinlik uyiga ham sig‘may qolishlari tabiiy holga aylanmoqda. Bu holatda begunoh farzandlarning ikki o‘rtada sarson-sargardon bo‘lishlari, uysiz-joysiz, ota yoki ona mehrisiz qolishlari esa eng achinarlisidir.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 32-moddasiga asosan uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa uy mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin. Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi.
Sudning hal qiluv qaroriga asosan uyga kiritish yoki chiqarish lozim bo‘lganda, qarzdor taraf doimo da’vogar taraf bilan o‘zaro muammolarini ro‘kach qilib, davlat ijrochilariga qarshilik ko‘rsatadi. Ushbu turdagi sud hujjatlarini ijro etishda davlat ijrochilariga qo‘shimcha mas’uliyat yuklatiladi.
Jumladan, Majburiy ijro byurosi So‘x tuman bo‘limiga Fuqarolik ishlari bo‘yicha So‘x tuman sudining qaroriga asosan D.Odiljonovaning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan S.Odiljonovning “Tul” MFY ko‘chasida joylashgan uyiga kiritish to‘g‘risida ijro hujjati kelib tushgan.
MIB tomonidan ijro to‘g‘risida qaror qabul qilinib taraflarga topshirilgan. Ammo S.Odiljonov ona va bolalarni uyga kiritmay qarshilik ko‘rsatib kelgan.
Joriy yilning 12 avgust kuni kuni MIB tomonidan olib borilgan harakatlari jarayonida D.Odiljonova va ikki nafar voyaga yetmagan farzandi sud qarorida ko‘rsatilgan manzilga xolislar ishtirokida kiritib qo‘yildi.