Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nikoh shartnomasini takomillashtirish masalalari
12:05 / 2025-11-18

Hozirgi kunda nikoh instituti va oilaviy munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish dolzarb ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Ajrimlar sonining o‘sishi, aliment majburiyatlarining bajarilmasligi, oilaviy nizolarning ko‘payishi kabi holatlar nafaqat shaxsiy hayot sohasiga, balki butun jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy barqarorligiga ta’sir etmoqda.

Nikoh shartnomasi fuqarolik huquqidagi shartnoma erkinligi prinsipini oilaviy munosabatlarga tatbiq etuvchi vosita sifatida muhim nazariy va amaliy ahamiyatga ega. U turmush o‘rtoqlar o‘rtasidagi mulkiy munosabatlarni oldindan belgilash orqali ajrim holatlarida iqtisodiy nizolarning oldini olish, farzandlarning moddiy ta’minotini kafolatlash va oila barqarorligini ta’minlash imkonini yaratadi.  

Nikoh shartnomasi nafaqat zamonaviy huquqiy institut, balki ko‘p asrlik tarixiy amaliyotga ega huquqiy an’anadir. U nafaqat xorijiy mamlakatlarda, balki milliy huquq tizimlarida ham ko‘p asrlar davomida qo‘llanilib kelgan. Hali qadimgi Rim davridayoq bo‘lajak turmush o‘rtoqlar o‘rtasida mulkka oid kelishuvlar tuzilgani ma’lum. Shuningdek, XVI–XIX asrlarda Sharq va G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida ham nikoh oldidan tuziladigan bunday bitimlar turli ijtimoiy qatlamlar orasida keng tarqalgan bo‘lib, ular oilaviy munosabatlarning huquqiy kafolati sifatida xizmat qilgan.

Nikoh shartnomasi O‘zbekiston Respublikasi oilaviy qonunchiligi uchun yangi institut hisoblanadi, chunki u O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi kuchga kirgan sana 1998 yil 1 sentyabrda mamlakatimiz huquqiy amaliyotga joriy etildi.  

Oiladagi munosabatlar mulkiy xususiyatga ham ega va jamiyatning umumiy iqtisodiy manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, oila a’zolari o‘rtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlar ham mulkiy munosabatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Nikoh shartnomasini targ‘ib etish masalasi nafaqat fuqarolik huquqi sohasidagi shartnoma erkinligining amaliy ifodasi, balki oilaviy munosabatlarda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashning muhim huquqiy mexanizmi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda o‘tkazilgan yig‘ilishdagi nutqida aynan shu jihatga e’tibor qaratildi: ajrimlar sonining ortishi, aliment majburiyatlarini bajarmayotgan shaxslar ko‘payishi, yoshlar o‘rtasidagi erta va ongsiz nikohlarning salbiy oqibatlari nafaqat oila, balki jamiyat barqarorligi uchun ham tahdid ekanligi ta’kidlandi . Bu holat huquqiy jihatdan oila institutining davlat muhofazasi ostida ekanligini va bu muhofaza faqat deklarativ emas, amaliy mazmunda bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.

Nikoh shartnomasi institutining joriy etilishi fuqarolik huquqi va oila huquqi normalarining uyg‘unligini ta’minlaydi. Ushbu shartnoma orqali turmush o‘rtoqlar o‘rtasidagi mol-mulkiy munosabatlar, moddiy ta’minot va qarz majburiyatlari oldindan belgilab qo‘yiladi, bu esa ajrim holatida taraflar hamda farzandlar og‘ir moddiy ahvolga tushib qolishining oldini oladi. Nikoh shartnomasi faqat xususiy huquqiy kelishuv emas, balki ijtimoiy profilaktika vositasi sifatida ham ahamiyatga ega bo‘lib, u davlatning Konstitutsiyaviy vazifasi – oila va bolalarni muhofaza qilish funksiyasini amaliy tarzda ta’minlaydi.

Nikoh shartnomasini ommalashtirish va uning afzalliklarini huquqiy-axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish oilaviy munosabatlarning mustahkamlanishiga, ajrimlar sonining qisqarishiga va bolalar manfaatlarining huquqiy kafolatlar bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi. Bu jarayon fuqarolik jamiyatida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, mas’uliyatli nikoh munosabatlarini shakllantirish hamda davlatning ijtimoiy siyosatini amaliy mazmunda ifoda etishning muhim yo‘nalishidir.

“Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir” degan qoida – bu nafaqat ijtimoiy, balki huquqiy kategoriya hamdir. Ushbu ifoda oilaning jamiyat hayotida tutgan o‘rnini belgilaydi va uni milliy huquq tizimida mustaqil huquqiy institut sifatida e’tirof etadi. Bu qoida Konstitutsiyaning 76-moddasida o‘z ifodasini topgan bo‘lib, oilaning barqarorligi va sog‘lom rivojlanishi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Prezidentimizning yuqoridagi nutqidagi fikrlar mazkur konstitutsiyaviy vazifaning amaliy ijrosi sifatida qaralishi mumkin, ya’ni davlat fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, yoshlarga mas’uliyat va huquqiy madaniyatni singdirish orqali oila barqarorligini ta’minlashni maqsad qiladi.

Shu bois, davlat oila munosabatlarini muhofaza qilish, uning ma’naviy va moddiy asoslarini mustahkamlash vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Nikoh – oila munosabatlarining asosiy huquqiy shakli bo‘lib, uning mazmuni qonun bilan qat’iy belgilangan. Uning amalga oshirilishi quyidagi uchta asosiy prinsipga tayanadi:  

1. An’anaviy oilaviy qadriyatlarga tayanish. Bu hol milliy madaniyat, axloq va urf-odatlarning huquq tizimidagi integratsiyasini ta’minlaydi. Shu bilan birga, bu qadriyatlar xalqaro huquq me’yorlariga zid bo‘lmasligi lozim (masalan, BMTning "Xotin-qizlarga nisbatan kamsitilishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risida"gi Konvensiyasi talablari).

2. Ixtiyoriy rozilik. Nikoh faqat erkak va ayolning ixtiyoriy ravishda nikohlanib tuzgan ittifoqi sifatida tuziladi (Oila kodeksi 2-modda). Bu prinsip shaxsning shaxsiy hayotga daxlsizligi va erkin tanlov huquqini ta’minlaydi.

3. Teng huquqlilik. Nikohda er va xotin huquq hamda majburiyatlarining tengligi kafolatlanadi. Bu prinsip tenglikning barcha sohalarida, jumladan, mol-mulkiy, shaxsiy va tarbiyaviy munosabatlarda ham tatbiq etiladi.

Davlatning “oila rivoji uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratish” majburiyati – uning ijtimoiy davlat sifatidagi belgisidir. Bu norma davlatning passiv kuzatuvchi emas, balki faol tartibga soluvchi sub’ekt sifatidagi rolini ko‘rsatadi. Davlat:

ijtimoiy himoya tizimini shakllantiradi (oilaviy nafaqalar, bolalar nafaqasi, uy-joy dasturlari va h.k.), oilaviy zo‘ravonlikka qarshi huquqiy mexanizmlarni joriy etadi, nikoh va oila munosabatlarini huquqiy tartibga soluvchi kodeks, qonun va me’yoriy hujjatlar tizimini yangilab boradi.

Ushbu qoidalar oila institutining huquqiy tabiatini belgilab, uni jamiyat va davlat uchun ustuvor ijtimoiy qadriyat sifatida e’tirof etadi. Bu normalarda davlatning oila barqarorligini ta’minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy, huquqiy va iqtisodiy majburiyatlari mustahkamlangan bo‘lib, ular milliy huquq tizimining insonparvarlik va ijtimoiy adolat prinsiplariga asoslanganligini ko‘rsatadi.

S.P.Grishayevning fikricha, “shartnoma tuzilgunga qadar uning sub’ektlari o‘rtasida shakllangan munosabatlar xususiyati, adabiyotlarda shaxsiy-ishonchli munosabatlar sifatida ta’riflanadi, chunki gap oilaviy-huquqiy sohada vujudga kelgan munosabatlar haqida ketmoqda, bu ham uning o‘ziga xos jihatidir” . Fikrimizcha, kelajakdagi turmush o‘rtoqlar o‘rtasida shaxsiy-ishonchli munosabatlar mavjudligi tabiiy hisoblanadi. Nikoh shartnomasi shaxsiy xususiyatga ega, chunki bu ikki turmush o‘rtoqning shaxsiy ishidir. Biroq u shaxsiy nomulkiy jihatlarni qamrab olmaydi, chunki u asosan mulkiy masalalar hamda turmush o‘rtoqlarning moddiy ta’minotiga oid munosabatlarni tartibga soladi. Bundan tashqari, nikoh shartnomasi taraflari o‘rtasidagi ishonch munosabati nisbiy-huquqiy tusga ega bo‘lib, shartnoma tuzilganining o‘zi ham buning yorqin isbotidir.

I.G.Medvedevning ta’kidlashicha, ayrim davlatlarda turmush o‘rtoqlarning mol-mulk rejimi shartnoma orqali belgilab qo‘yilmagan (Argentina, Boliviya, Kuba, Ruminiya va boshqalar). Boshqa mamlakatlarda esa, nikoh shartnomasi nikohni ro‘yxatdan o‘tkazishdan oldin tuzilishi shart (Braziliya, Kolumbiya, Yaponiya, Portugaliya, Venesuela va boshqalar).

L.B.Maksimovich fikricha, “ajrimlar soni bo‘yicha Rossiya dunyodagi eng yuqori o‘rinlarning birini egallayotganini hisobga olsak, shunday xulosaga kelish mumkinki, rossiyalik turmush o‘rtoqlar hali ham nikoh shartnomasining amaliy ahamiyati va samaradorligiga – uning faqat nikoh davridagina emas, balki ajrim holatida ham mol-mulkiy munosabatlarni tartibga soluvchi vosita sifatida – ishonch hosil qilishi kerak”. Nikoh shartnomasini tuzish muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, qonun bilan belgilangan mulk rejimiga o‘zgartirish kiritish huquqini suiiste’mol qilish, keyinchalik shartnomani haqiqiy emas deb topishga urinish kabilar yuz berishi mumkin.

So‘nggi yillarda ajrashgan oilalar soni nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyo bo‘ylab ortib bormoqda. Xususan, 2023 yilda mamlakatimizda ajrimlar soni 49 108 taga yetgan bo‘lib, so‘nggi besh yil ichida bu ko‘rsatkich o‘sish tendensiyasini namoyon qilgan.

MDH Davlatlararo statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida nikohlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni, ajrimlar soni bo‘yicha esa eng so‘nggi o‘rinni egallaydi. 2022 yilda O‘zbekistonda har 1000 nafar aholiga 8,4 ta nikoh va 1,4 ta ajrim to‘g‘ri kelgan . Mutahassislar fikriga ko‘ra, ajrimlarning asosiy sabablari quyidagilar hisoblanadi: qarindoshlarning turmushga aralashuvi – 60 %, ma’naviy cheklovlarning yo‘qligi – 41 %, va ajrim jarayonining nisbatan osonligi – 25 %.

Bizning fikrimizcha, nikoh shartnomasi ajrimning oldini olishga xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga uning mavjud emasligi ham turmush o‘rtoqlarni qonun bilan belgilangan mol-mulk rejimi doirasida huquqiy himoyadan mahrum etmaydi.

Fikrimizcha, qonunchilikda nikoh shartnomasi faqat umumiy mulk rejimiga emas, balki har bir turmush o‘rtoqning alohida mulk rejimiga ham o‘zgartish kiritish huquqini berishi lozim. Amaldagi tartibda nikoh shartnomasi asosan umumiy mulkka doir huquq va majburiyatlarni belgilashga qaratilgan bo‘lib, bu holat uning fuqarolik huquqiy jihatlarini cheklaydi. Shu bois, qonunchilikda turmush o‘rtoqlarning alohida mulkiga oid huquqiy rejimi ham shartnoma orqali o‘zgartirilishi mumkinligi aniq ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu normaning joriy etilishi nikoh shartnomasini haqiqiy shartnoma erkinligi tamoyiliga yaqinlashtiradi.

Amaldagi qonunchilikda “mulkiy huquq va majburiyatlar” atamasiga aniq ta’rif berilmagan. Hatto ularning umumiy belgilarini aniqlash imkoniyati ham yo‘qligi sababli, nikoh shartnomasida nazarda tutiladigan barcha ehtimoliy shartlarni to‘liq ro‘yxatga olishning imkoni yo‘q. Shu munosabat bilan, “mulkiy huquq va majburiyatlar” tushunchasi qonun darajasida ta’riflanishi zarur.  

Notarial tartibda nikoh shartnomasi ishonchnoma asosida tasdiqlanishi mumkin emas. Bu hol nikoh shartnomasining shaxsiy-ishonchli tabiatiga zid keladi. Shu boisdan, Oila kodeksi 30-moddasiga to‘rtinchi qism kiritilishi lozim deb hisoblaymiz: “Nikoh shartnomasini ishonchnoma orqali tuzish mumkin emas”.

Bu o‘zgartish nikoh shartnomasining huquqiy tabiatini – uning shaxsiy va ishonchli xususiyatini mustahkamlab, fuqarolarning haqiqiy irodasini ta’minlovchi kafolat sifatida xizmat qiladi.

Topildiyev Baxromjon

Toshkent davlat yuridik universiteti, 

“Fuqarolik huquqi” kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori.