Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nihoyat Bayden ham saylovda g‘alaba qozonganini e’lon qildi
00:44 / 2020-11-08

Ha, AQSHda juda ko‘pchilik ustunligini e’tirof etayotgan Demokratik partiya nomzodi Jo Bayden, nihoyat, mamlakat prezidentligi uchun kechgan saylovda g‘olib chiqqani to‘g‘risida bayonot berdi.

Bungacha esa AQSHning amaldagi yetakchisi, Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp o‘z lavozimini saqlab qolgani, aniqrog‘i bu galgi saylovlarda ham g‘olib chiqqanini muddatidan oldin bir necha bor jar solib aytgandi. Hatto, bir gal u ijtimoiy tarmoq orqali "Men saylovda katta farq bilan yutdim!" deb ham yozdi.

Voqealar rivoji esa buning mutlaqo aksini isbotlamoqda, ya’ni hamma Baydenning yaqqol ustunligini e’tirof etmoqda. "Amerika xalqi menga prezidentlikni ishonganini o‘zim uchun yuksak sharaf, jeb hisoblayman", — degan siyosatchi bayonotida.

U, shuningdek, bu yilgi saylovlarda tarixiy rekord darajada ko‘p sonli fuqarolar ovoz berganini ham eslatib o‘tdi.

"Kampaniya tugugandan keyin g‘arazgo‘ylikni, javobsiz savollarni orqaga tashlashimiz va millat sifatida birlashishimiz zarur", — deya qo‘shimcha qilgan Bayden.

Vitse-prezidentlikka nomzod Kamala Xarris, o‘z navbatida bo‘lib o‘tgan saylovlar — unga yoki Baydenga emas, balki Amerika qalbi va shu qalb uchun kurashga daxldor ekanligini ta’kidladi.

"Oldimizda juda ko‘p qilinadigan ishlar turibdi. Keling, harakatni boshlaymiz", — yozgan Xarris ijtimoiy tarmoqdagi sahifavsida.

Ma’lumki, bugun AQSHning juda ko‘p OAV o‘z hisob-kitoblariga tayanib, demokrat nomzodning g‘alabasini e’lon qilishdi.

Respublikachilar tomonidan ilgari surilgan amaldagi prezident Donald Tramp esa hali hech bir shtatda Baydenning g‘alabasi tasdiqlanmaganini bildirdi.

Trampning "Hammamiz bilamiz, Jo Bayden o‘zini yasama g‘olib sifatida ko‘rsatishga shoshilyapti. Uning OAVdagi ittifoqchilari shu yo‘l bilan o‘z tarafdorlariga yordam bermoqchi bo‘lishyapti. Sababai, ular haqiqat yuzaga chiqishini xohlashmayapti", — degan fikrlari keltirilgan uning shtabi tomonidan tarqatilgan xabarda.

Trampning aytishicha, Bayden barcha varaqalarni, jumladan, firibgarlik yo‘li bilan berilgan soxta ovozlarni ham qo‘shib sanamoqchi. "Prezidentni OAVdagi yangilik va xabarlar emas, balki qonuniy ovozlar saylaydi", - dedi u.

Tramp Bayden shtabi qonuniy ovozlarni sanashda odatiy tamoyilga asoslangan uslubni rad etayotganidan "lol qolgani"ni qayd etgan.

"Faqat nimanidir noqonuniy qilayotgan tomongina ovoz sanash xonasiga kuzatuvchilarni qo‘ymasligi, keyin esa sudda ularga taqiq joriy etish maqsadida kurashishi mumkin. Qiziq, Bayden nimani yashiryapti ekan-a?" – deya savol tashlagan Tramp.

"Men to‘xtamayman, qachonki, amerika xalqi haqqoniy sanalgan ovozlarga ega bo‘lmaguncha. Xalqimiz bunga haqli, qolaversa, demokratiya ham shuni talab qiladi", — deya fikrini yakunlagan Tramp.

U o‘z pozitsiyasini himoya qilish uchun sudga murojaat etishini ham ma’lum qilgan.

Agar tasdiqlanadigan bo‘lsa, Bayden Qo‘shma Shtatlarning 46-prezidenti va shu bilan birga mamlakat tarixidagi eng yoshi ulug‘ rahbar bo‘ladi.

Hozircha AQSH prezidenti saylovlari natijasi rasman tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, mitti davlat - Fiji Bosh vaziri Frenk Mbainimarama Demokratik partiya nomzodi Jo Baydenni g‘alaba bilan tabriklashga shoshildi.

"Jo Baydenga mening qutlovlarim. Biz birgalikda sayyorani iqlim bilan bog‘liq favqulodda holatdan qutqaramiz, COVID-19 pandemiyasidan keyingi global iqtisodni tiklaymiz", - deb yozgan Fiji rahbari ijtimoiy tarmoqda.

Amerikaning “Newsweek” nashri Fiji hukumati boshlig‘i, garchi hozircha saylov natijalari uzil-kesil hal qilinmagan bo‘lsa-da, Baydenni tabriklagan ilk davlat rahbari ekanini qayd etgan.