Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da o‘tkazilgan ayollar kurashi bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining so‘nggi kunida barcha vazn toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
62 kilogrammgacha vazn toifasida Nigina Sobirova final bahsida Nigina Rajabovaga qarshi gilamga chiqdi va raqibini taslim etgan holda mamlakat chempioniga aylandi.
Vazni -50 kg. bo‘lgan Nilufar Nurmuhammadova esa oltin medal uchun o‘tgan bellashuvda Mushtariy Tolipbekovani mag‘lubiyatga uchratdi. Ushbu vaznda Gulnura Ruslanova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, o‘z vaznlarida Sohibjamol Esbosinova, Husniyabod Sultonozirova, To‘maris Hamidullayeva, Ummeken Esenbayeva, Muhayyo Narzullayeva, Muhayyo Rahimjonova, Sevinchoy Polvonova hamda Ariuxan Jumabayeva milliy chempionatimizda g‘olib bo‘ldi.
Qayd etilgan natijalarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi 195 ball to‘plagan holda jamoalar orasida tengsiz bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda Olimpiya zaxiralari sport maktabi 185 ball, Xorazm viloyati esa 45 ball jamg‘arib, kuchli uchlikdan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA