Kuni kecha Nigeriyaning “Escravos GTL” zavodidan tashrif buyurgan bir guruh mutaxassislar “Uzbekistan GTL” MCHJ zavodida ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologik yechimlar va yuqori aniqlikdagi nazorat tizimlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlarga zavodda ishlab chiqarilayotgan sintetik yoqilg‘i mahsulotlarining joriy holati, sifat ko‘rsatkichlari va xalqaro standartlarga muvofiqligi haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mahsulotlarning saqlanishi, sotilishi va iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlari ham mutaxassislar e’tiboriga taqdim etildi.
O‘z navbatida, tanishuv doirasida ikki GTL zavodi xodimlari o‘zaro bilim va tajriba almashdi. Unda mehmonlar ishlab chiqarishda joriy etilgan ilg‘or texnologik yechimlar va zavodning qisqa muddat ichida “Performance test”dan muvaffaqiyatli o‘tkazilganini alohida ta’kidladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur tajriba almashish nafaqat zavod xodimlari uchun, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni rivojlantirishda ham muhim qadamdir. Shu bilan birga, nigeriyalik mutaxassislar zavodda qo‘llanilayotgan avtomatlashtirilgan nazorat tizimlari va sifat monitoringi jarayonlari bilan ham tanishdi. Bu esa mahsulotning har bir bosqichda xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlaydi va ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi.
Tashrif so‘ngida mehmonlar o‘z fikrlarini bildirib, “Uzbekistan GTL” zavodida qo‘llanilayotgan innovatsion texnologiyalar va yuqori malakali mutaxassislarni yuqori baholadi. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik va bilim almashish kelgusida yangi loyihalar va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish uchun asos bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA