Nigeriyada toshqin
Nigeriya g‘arbidagi Niger shtatida kuchli yomg‘ir ortidan suv toshib, kamida 21 kishi halok bo‘ldi. Bu xabarni mamlakat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (SEMA) tarqatgan.
Agentlik rahbari Ibrohim Husayniy aytishicha, tabiiy ofat Mokova okrugida sodir bo‘lgan. Qurbonlar orasida bolalar ham bor. 10 kishi bedarak, yaralanganlar ham ko‘p.
Toshqin infratuzilmani buzdi. 50 ga yaqin uy suv ostida qoldi. Mintaqada qidiruv-qutqaruv ishlari davom etyapti.
Avvalroq Nigeriya suv xo‘jaligi vazirligi mamlakatning bir necha hududida kuchli yog‘ingarchilik va suv toshqini kuzatilishidan ogohlantirgan edi.