Nigeriyaning Benue shtatida qurolli hujum sodir etildi. Oqibatda 11 kishi hayotdan ko‘z yumdi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Kvande hududida noma’lum guruh a’zolari yog‘dirgan o‘q yomg‘iridan yaralanganlar ham ko‘pchilik. Shuningdek, bosqinchilar uylarga o‘t qo‘yishgan, bir necha kishini keyin to‘lov talab qilish uchun o‘g‘irlab ketishgan.
Qayd etish kerak, ushbu mintaqa tez-tez qurolli hujumga nishon bo‘ladi. Masalan, o‘tgan oy Logo shahrida sodir bo‘lgan fojiada 30 kishi halok bo‘lgan edi. Nigeriya so‘nggi yillarda ko‘plab qurolli to‘dalar, shuningdek Boko Xaram va Daishning G‘arbiy Afrikadagi filiali - ISWAP kabi terror tashkilotlar hujumiga duch kelmoqda. Mamlakatda to‘lov evaziga odam o‘g‘irlaganlik uchun o‘lim jazosi nazarda tutilganiga qaramay, ayni holat muntazam takrorlanadi. Qurolli guruhlar asosan shimoliy qishloqlar va maktablarda, shuningdek sayohatchilar ko‘p manzillarda tovlamachilik bilan shug‘ullanishadi.