Nigeriyada 40 nafarga yaqin konchi halok bo‘ldi
Nigeriya markazidagi Plato shtatida joylashgan qo‘rg‘oshin va rux konida uglerod monooksidi sizib chiqishi oqibatida kamida 37 nafar konchi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC yozgan.
Fojia “Solid Unity Nigeria Ltd” tog‘-kon kompaniyasi tomonidan boshqariladigan majmuada erta tong sodir bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Gaz yer ostida, yetarli shamollatilmaydigan tunnelda to‘plangan. Ishchilar tungi navbatchilik vaqtida zaharlangan. Hodisadan ertalab ishga kelganlar birinchi bo‘lib xabar topgan. 20 dan ziyod konchi qutqarilgan va zudlik bilan shifoxonaga jo‘natilgan.
BBC muxbiriga intervyu bergan mahalliy aholi vakillari qurbonlar 20-40 yosh oralig‘idagi erkaklar ekanini ta’kidlagan. Marhumlar mahalliy an’anaga ko‘ra, dafn qilindi. Ayni payt favqulodda holat sababini aniqlash uchun tergov olib borilyapti.
Nigeriyada shunga o‘xshash voqealar tez-tez sodir bo‘lib turadi.
O.Sharipov, O‘zA