Niger harbiylari prezident Muhammad Bazumni hokimiyatdan chetlashtirgani haqida bayonot berdi, deb yozmoqda Reuters.
“Niger harbiylari milliy televideniye orqali chiqish qilib, prezident Bazum lavozimidan chetlashtirilgani, chegaralar yopilgani haqida ma’lum qildi”, – deyiladi xabarda.
Ular shuningdek, mamlakat hududida komendantlik soati e’lon qilingani va barcha muassasalar yopilgani haqida ham xabar tarqatgan.
Bundan oldinroq prezident gvardiyasi poytaxt Niamedagi prezident saroyini o‘rab olgan edi. Bazum ofisining bayonot berishicha, armiya isyonchilarni qo‘llab-quvvatlamagan va ularga “ultimatum” yo‘llagan.
Jeune Afrique portalining ta’kidlashicha, isyonga Bazumning prezident gvardiyasi qo‘mondoni general Omar Tchianini vazifasidan bo‘shatish niyati sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Portalning qo‘shimcha qilishicha, gvardiya harbiylari bilan armiya o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Al Arabiya telekanalining o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, prezident isyonchilarning iste’foga chiqish talabiga ko‘nmagan.
Keyinroq Frans Press agentligi Benin prezidenti Patris Talon tomonlar o‘rtasida muzokara olib borish uchun Nigerга jo‘nagani haqida yozdi.
Niger – dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri sanaladi, Inson rivoji indeksida oxirgi o‘rinni barqaror egallab kelmoqda. Mamlakat hududining 80 foizdan ziyodi Sahroi Kabir cho‘lida, qolgan hududlari yarim dasht Saxel kengliklarida joylashgan. Mamlakat hududiga har doim qurg‘oqchilik va cho‘llashish xavf soladi, aholisi ommaviy ocharchilik tahdidi ostida yashaydi. Aholi soni 23 million kishidan ko‘proq bo‘lib, asosiy qismi mamlakatning janubiy va g‘arbiy qismiga joylashgan. Iqtisodiyotning asosiy tarmog‘i qishloq xo‘jaligi va foydali qazilmalarni o‘zlashtirish hisoblanadi. Mamlakatda asosan uran qazib olinadi.
Harbiylarning kuch bilan amalga oshirgan davlat to‘ntarishi xalqaro hamjamiyat, jumladan, BMT bosh kotibi tomonidan ham qoralandi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Nigerda hukumatni konstitutsiyaga zid yo‘l bilan o‘zgartirishni keskin qoraladi, deb bayonot berdi uning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik.
“Bosh kotib prezident Muhammad Bazumning hibsga olinishidan hamda uning xavfsizligidan chuqur xavotir bildirdi”, – deyiladi Dyujarrik bayonotida.
AQSH ma’muriyati ham harbiylar isyonini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Nigerdagi harbiylar isyonini keskin qoraladi, deb yozmoqda Wall Street Journal.
“Biz hokimiyatni kuch bilan egallab olishga qaratilgan har qanday urunishni qoralaymiz. Biz Niger hukumati hamda mintaqadagi va butun dunyodagi sheriklar bilan vaziyat tinch yo‘l bilan hal qilinmagunicha hamkorlikda ish olib boramiz”, – dedi Blinken Yangi Zelandiyada tashrifi chog‘ida jurnalistlarga.
Davlat kotibi AQSH vaziyatni kuzatib borayotganini ta’kidlagan.
Ayrim ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Niameda harbiylar prezident Muhammad Bazumni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chaga chiqqan odamlar to‘dasini tarqatib yuborish uchun osmonga betartib ravishda o‘q uzmoqda.
Bazum 2021 yilda bo‘lib o‘tgan saylov natijasida mamlakat prezident bo‘lgan. U Fransiyaning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi.
S.Rahimov, O‘zA