English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Niderlandiyadan mayda shoxli mollar olib kelinadi
17:01 / 2021-05-21

O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Behzod Yusupov rahbarligidagi delegatsiya chorvachilik sohasidagi loyihalarning amaliy jihatlarini xorijiy tajribalar asosida muhokama qilish maqsadida Niderlandiyaga tashrif buyurdi.

Qo‘mita axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif doirasida Niderlandiya qishloq xo‘jaligi vazirligi mas’ul xodimi P.Vandraager bilan muzokaralar olib borildi. Suhbat jarayonida qorako‘lchilik sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, imkoniyat va imtiyozlar haqida taqdimot o‘tkazildi.

Shuningdek, ikki davlat mas’ul idoralari o‘rtasida mayda shoxli mollarni ko‘paytirish, O‘zbekistonda degradatsiyaga uchragan yaylov maydonlarini jarayondan chiqarish va bu borada niderlandiyalik mutaxassislarni jalb etish hamda ushbu davlatning Vageningen universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Niderlandiyaning mayda shoxli mollar yetishtiradigan mahalliy fermer xo‘jaliklari faoliyati o‘rganildi. Ushbu soha vakillari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatildi va tegishli kompaniyalar bilan chorva mollarini yetkazib berishning tashkiliy masalalari ko‘rildi.

Uchrashuvda Niderlandiya qishloq xo‘jaligi vazirligi ekspertlari va fermerlarning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va Yevropaning ilg‘or texnologiyalarini amaliyotga kiritish yuzasidan tegishli kelishuvlarga erishildi.

 

Gulnoza BOBOEVA, O‘zA