Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan “O‘zbekiston -Niderlandiya" do‘stlik jamg‘armasi raisi Daliya Chakar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutlab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘pmillatli oila tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar xususida ma’lumot berdi. Shuningdek, “O‘zbekiston - Niderlandiya" do‘stlik jamg‘armasi bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Niderlandiyalik mehmon iliq va samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilgan holda “Niderlandiya-O‘zbekiston" do‘stlik jamiyatining faoliyati xususida ma’lumot berdi.
Qo‘mita va jamiyat tomonidan imzolangan memorandumda ko‘zda tutilgan tadbirlarni tashkil qilish, ishlarni yanada faollashtirish borasida takliflar bildirdi. Xususan, do‘stlik jamg‘armasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi borasida ham takliflar bildirdi.
Tadbir doirasida ikki tomonlama hamkorlik qilish borasida kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida mehmonga “O‘zbekiston umumiy uyimiz” kitobi va “O‘zbekiston” jurnallarining maxsus sonlari taqdim etildi.
N.Usmonova,
O‘zA