Niderlandiya qiroli soliq to‘lamaslik huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin
Gollandiyaning bir qancha partiyalari qirol Villem Aleksandrni daromad solig‘idan ozod qilish huquqidan mahrum qilish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda “NL Times” axborot portali ma’lum qildi.
Nashrning yozishicha, tashabbus birinchi marta parlamentning har ikki palatasida qo‘llab-quvvatlanishi mumkin.
– Qirolning daromad solig‘ini to‘lashi muhim, - deydi Demokratlar-66 partiyasi a’zosi va o‘zgarishlar tashabbuskorlaridan biri Yost Sreller. – O‘qituvchilar va politsiyachilar ham soliq to‘laydi. Mamlakatda hamma mol-mulklari uchun soliqqa tortiladi.
Monarxning daromad solig‘idan ozod etilishi Niderlandiyada konstitutsiya bilan tartibga solinadi. Uni o‘zgartirish uchun esa parlament quyi va yuqori palatalari a’zolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak.