Joriy yil 1 sentyabr kuni AQSH va Kanada chegarasida joylashgan dunyoga mashhur Niagara sharsharasi O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi sharafiga respublika milliy bayrog‘i ranglariga burkanadi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
O‘zbekistonning AQSH va Kanadagi (qarorgohi Vashingtonda) elchixonasi Niagara sharsharasi ma’muriyati bilan ushbu tadbirni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, G‘arbiy yarim sharg eng katta sharsharasining O‘zbekiston bayrog‘i ranglariga bezanishi 1 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan 22:30 da (2 sentyabr Toshkent vaqti bilan 07:30 da) jonli efirda namoyish etiladi.
Niagara sharsharasining mamlakatimiz bayrog‘i tusiga kirishi 15 daqiqa davom etadi.
AQSH va Kanadada yashovchi yurtdoshlarimiz esa ushbu tadbirni veb-saytidagi anketani to‘ldirib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyatiga ega.
Niagara Shimoliy Amerikada eng mashhur sharshara va eng yirik sayyohlik hududi hisoblanadi. Sharsharani ko‘rish uchun har yili butun dunyodan millionlab sayyohlar keladi.
Sharshara kengligi 792 metr, balandligi esa 53,6 metrni tashkil etadi. Undan tushayotgan suv hajmi sekundiga 2,2 million kubometrga teng.
Niagara sharsharasini tunda yoritish uchun 1,4 mingta yoritgichdan foydalaniladi. Ular birgalikda 16 milliondan ortiq rangda turli kompozitsiyalarni tashkil etish imkoniyatiga ega.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, 2020 yilda O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida joylashgan dunyoning eng baland imorati – Burj Xalifada O‘zbekiston bayrog‘i 1 sentyabr kuni 1 daqiqa davomida namoyish etilgandi.
M.Toshqorayeva, O‘zA