Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan "Next" savdo markazining ovqatlanish shoxobchalari joylashgan qavatida sichqon yurgani aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan edi
Shu bois, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Yakkasaroy tumani mutaxassislari tomonidan joyiga chiqib o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganishlar davomida savdo markazi hamda ovqatlanish shoxobchasi rahbari bilan profilaktik suhbat olib borildi. Kecha ish vaqti tugaganidan so‘ng ovqatlanish shoxobchasida yakuniy deratizatsiya (kemiruvchilarni qirish) ishlari o‘tkazildi.
"Hurmatli tadbirkorlar sizlarga shuni eslatib o‘tamizki, savdo markazlari, ovqatlanish korxonalarida doimiy ravishda zararsizlantirish ishlari o‘tkazilib turilishi uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari, xususan xususiy dezinfeksiya tashkilotlari bilan shartnoma tuzib, vaqti-vaqti bilan hududda infeksiyalar, zararkunandalarga qarshi zararsizlantirish ishlari olib borilishi lozim", – deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.
M.Qosimova,O‘zA