Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Nevrologik kasalliklarning sabablari nimalardan iborat?
15:53 / 2025-11-09

Har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi Tibbiyot xodimlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Bayram munosabati bilan davlatimiz rahbari soha xodimlariga tabrik yo‘llab, fidoyi kasb egalarining aholi salomatligini saqlashdagi o‘rnini alohida e’tirof etdi.

Shuningdek, tabrikda yurtimiz aholisining turmush sharoitlari yaxshilanib, o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 73,8 yoshdan 75,1 yoshga uzaygani, bunda o‘z kasbi va xizmat vazifasiga sodiq, zahmatkash soha xodimlarining munosib hissasi borligi alohida qayd etildi. 

Darhaqiqat, bugun fidoyi tibbiyot xodimlarining sharafli va zahmatli mehnati natijasida aholi salomatligini asrash borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. 

Sohadagi ishlar, xususan, nevrologik kasalliklarni davolash borasidagi amaliyotlar xususida Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nevrologiya bo‘limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi (RND) Nigora Baxtiyorovna Ismoilova bilan suhbatlashdik.

– Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tibbiyot tizimini rivojlantirishga, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda, – deydi shifokor. – Tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtirilib, sifatli tibbiy xizmatlar mahallagacha tushirilayotgani e’tiborga molik. Bu esa har bir yurtdoshimizga qulaylik yaratish barobarida ularni o‘z salomatliklariga e’tiborli bo‘lishga undaydi.  

– Nigora Baxtiyorovna, bugungi kunda aholi o‘rtasida turli ko‘rinishdagi nevrologik kasalliklar ko‘p uchramoqda. Buning asosiy sabab va omillari nimalardan iborat?

– Haqiqatan ham hozirgi kunda qon-tomir tizimi kasalliklari xavfi ortib boryapti. Nevrologiyaning dolzarb muammolaridan bu asab tizimining izdan chiqishidir. Bunga sabab stresslar, doimiy asabiylashish va uyqusizlikdir. Bu kasallik insonning vegetativ sistemasi bilan bog‘liq bo‘lganligi bois asabiylashish oqibatida inson hayotida juda murakkab psixoemotsional holatlarni keltirib chiqaryapti. Bu esa nevrologlardan bemorga o‘ta mas’uliyat bilan yondashishni talab qiladi. 

Ayniqsa, ushbu yo‘nalishda ko‘p uchraydigan va tibbiyot sohasida dolzarb muammo bo‘lib turgan insult bilan og‘rigan bemorlar bizning bo‘limimizda ham muntazam davolanishadi.

Bu kasalliklarning aholi orasida ko‘p uchrashining asosiy sabablari sifatida qon-tomir tizimidagi muammolar, qon bosimining balandligi, qandli diabet, semirish, kamharakatlilik (adinamiya), spirtli ichimliklar iste’mol qilish, chekish, noto‘g‘ri ovqatlanish, asabiylik va uyqusizlik kabilarni aytish mumkin. Eng asosiysi, inson o‘zorganizmida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarga e’tiborsiz bo‘lmasligi kerak.

Bel og‘riqlari, «grija» kasalliklari ko‘payib, ayniqsa, yosharib borayotgani haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. 

– Bugungi kunda insonlar orasida bel og‘riqlari ommalashib bormoqda. To‘g‘ri aytdingiz, bu ayniqsa, yoshlar orasida ham ko‘p uchrayapti. Bunga haddan ziyod og‘ir ko‘tarish, organizmni o‘ta zo‘riqtirish, keskin va qaltis jismoniy harakatlar qilish kabi holatlar sabab bo‘lishi mumkin. Inson o‘z sog‘lig‘iga bee’tibor bo‘lishi oqibatida esa jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin. 

Umurtqalararo disk churrasi yoki xalq tilida «grija» deb aytiladigan kasallikning vujudga kelishi ham ana shunday muammolardan biridir. Bu disk churralari yoki disk siqilishlari deb ham ataladi. Og‘riqli va insonni zaiflashtiruvchi kasalliklardan biri hisoblanadi. Uning kelib chiqishi a’zolarning kam harakatligiga va noziklashuviga sabab bo‘ladi. Ba’zi hollarda u og‘riqsiz ham kechadi. Chunki disk hech qanday nerv tolasini siqib qo‘ymasligi mumkin. Bunday holatda og‘riq yuzaga kelmaydi. 

Umuman, umurtqa pog‘onasi patologiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan kasalliklar, irsiy tug‘ma kasalliklar, orqa miya defektlari yallig‘lanish kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar ham doimiy nazoratimizda. Bundan tashqari, bosh og‘riqlaridan aziyat chekib, murojaat qiluvchilar ham ko‘p. Bosh og‘riqlari sababini aniqlash, turini belgilash va to‘g‘ri davolash nevrologdan juda kuchli bilim va tajribani talab qiladi. 

Shu o‘rinda aytish kerakki, nevrologik kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash borasida juda ko‘plab sa’y-harakatlar, amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bizning viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nevrologiya bo‘limimizda ham 6 nafar oliy toifadagi tajribali shifokor (2 nafari fan nomzodi) o‘z faoliyati davomida kasalliklarni vaqtida aniqlash va davolash ishlarini olib borishadi. 39 o‘rindan iborat bo‘limimizda turli xildagi nevrologik kasalliklar davolanadi. Bo‘limda nafaqat viloyatimiz, balki Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand viloyatlaridan kelib davolanadigan bemorlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Bo‘lim mudiri Ro‘ziyev Shahob Subxonovich rahbarligida bemorlarni chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, o‘z vaqtida zarur muolajalarni amalga oshirib kelamiz.  

Muhtarama Komilova, O‘zA