Amerikalik tadbirkor Ilon Maskning chip ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Neuralink kompaniyasi chiplarni insonlar miyasida klinik sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tegishli idoradan ruxsat oldi.
2016 yilda asos solingan Neuralink kompaniyasi 2022 yilning boshida ham ushbu tajribani o‘tkazish bo‘yicha ruxsat so‘rab Amerikaning oziq-ovqat va dori-darmonlar sifatini sanitar nazorat qilish bo‘yicha boshqarmasiga (FDA) murojaat qilgan edi (FDA), biroq ushbu idora o‘shanda kompaniyaning murojaatini rad etgandi.
“Insonlarda klinik tajriba o‘tkazish uchun FDA tashkilotidan ruxsat olganimizdan xursandmiz! Bu Neuralink jamoasining FDA bilan yaqin hamkorlikda faoliyat ko‘rsatgani natijasidir. Bu birinchi qadam, bir kun kelib bizning texnologiyalarimiz ko‘plab odamlarga yordam beradi”, – deb xabar tarqatdi kompaniya Twitter orqali.
Klinik tajribada ishtirok etuvchilarni tanlash bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar yaqin orada e’lon qilinadi.
Avvalroq Mask Neuralink kompaniyasining “inqilobiy miya implantati” falajlik yoki ko‘rlik kabi holatlarni bartaraf etishga yordam beradi, deb bayonot bergan edi.