Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo shahrini egallash va jangovar amaliyotni kengaytirish rejasini e’lon qilishi ortidan mamlakat ichida ham, xalqaro miqyosda ham qarama-qarshi munosabatlar kuchaydi.
“Fox news”ga bergan intervyusida u G‘azoni to‘liq nazoratga olib, Hamasni hokimiyatdan chetlatish, so‘ngra fuqarolik boshqaruvini boshqa tomonlarga topshirish niyatida ekanini aytdi. Qaysi davlatlar yoki kuchlar bu jarayonda ishtirok etishini esa ochiqlamadi.
– Bu hududni boshqarish niyatida emasmiz, buni arab kuchlariga topshiramiz, – degan Netanyaxu.
Hozircha armiya G‘azo shahrida va sektorning markaziy qismidagi qo‘nalg‘alarda keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazishga tayyorlanmoqda. Bu joylarda taxminan bir million falastinlik va tirik qolgan 20 ga yaqin garovdagilar borligi aytilgan.
Harbiy amaliyot bir necha oy davom etishi, fuqarolar yana ommaviy ravishda ko‘chirilishi va gumanitar inqiroz chuqurlashi mumkin.
Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari general Eyel Zamir ushbu reja xavfli ekanini ta’kidlab, to‘liq bosib olish “tuzoqqa tushish” bilan barobarligi, bunday holatda garovdagilar ham, charchagan askarlar ham jiddiy xavf ostida qolishini taxmin qildi. Keng ko‘lamli hujum davomida garovdagilarning “aksari yoki barchasi” halok bo‘lishi ehtimoli yuqoriligiga urg‘u berildi.
Asirlarning oilalari ham shunday xavotirda. Ular Hamas bilan muzokara o‘tkazish orqaligina yaqinlarini qutqarish imkoni mavjudligini aytmoqda.
Bosh vazir rejasi Isroilning ayrim ittifoqchilari orasida ham kelishmovchilik keltirib chiqardi. Buyuk Britaniya elchisi Simon Valter G‘azoni to‘liq egallash “katta xato” dedi. AQSH elchisi Mayk Xakkabi esa bu masalani Isroil hukumati o‘zi hal qilishi kerakligini bildirdi.
So‘rovlar isroilliklarning aksari urushni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish uchun Hamas bilan kelishish tarafdoriligini ko‘rsatmoqda. Shunga qaramay, kuzatuvchilar Netanyaxu koalitsiyasidagi o‘ta millatchi vazirlar – Itamar Ben Gvir va Bitsalel Smotrich talabini bajarishga urinayotganini ta’kidlamoqda. Bu ikki siyosatchi falastinliklarni G‘azodan majburan chiqarish va hududga yahudiylarni joylashtirish g‘oyasini ochiq qo‘llab-quvvatlagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA