Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ziga qo‘yilgan korrupsiya ayblovlari yuzasidan o‘lka prezidenti Ishoq Gersogdan rasmiy avf so‘radi, deb xabar bermoqda “Euronews” nashri.
Davlat rahbari bu “g‘ayrioddiy va katta oqibatlarga ega murojaatni” jiddiy ko‘rib chiqishini bildirgan.
Netanyaxu hozircha ayblovlarni tan olmayapti, biroq sud jarayonlari mamlakatda keskinlik keltirib chiqarganini aytib, avf “jamiyatni birlashtirishga xizmat qilishini” ta’kidladi. U haftasiga uch marta sudda qatnashishi boshqaruvga xalaqit qilayotganini bildirdi.
Muxolif taraf esa bu qadamni keskin tanqid qilib, avf berilishi “qonun ustuvorligiga putur yetkazishi” va kelajak uchun xavfli oqibat yaratishini aytmoqda.
Netanyaxu Isroil tarixida sud qilinayotgan amaldagi birinchi bosh vazirdir. U firibgarlik, ishonchni suiiste’mol qilish va pora olishda ayblanmoqda. AQSH yetakchisi Donald Tramp yaqinda Gersogga maktub yo‘llab, ishni “siyosiy va asossiz” deb atab, Netanyaxu uchun avf so‘ragan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA